Qozogʻistonda 9 oʻzbekistonlik halok boʻlgan

Tez yordam Image copyright LADA.KZ

Qozogʻistonning Aqtoʻbe viloyatida yoʻlovchi avtobusi agʻdarilib ketgani oqibatida 9 Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlgan, 18 kishi jarohatlangan.

Qozogʻiston Favqulodda vaziyatlar boʻyicha qoʻmitasidan xabar qilishlaricha, ikki qavatli Mercedes-Benz avtobusida 52 kishi boʻlgan.

50 yoʻlovchi Oʻzbekiston fuqarosi, ikki kishi Qozogʻiston fuqarosi boʻlgan.

Avtobus 22 iyun kuni soat 10:20 da yoʻldan chiqib ketib agʻdarilgan.

Internetda yoʻl chetida oyogʻi osmondan boʻlib yotgan avtobus tasvirga tushirilgan video tarqalgan.

Qozogʻiston rasmiylari xabar qilishlaricha, avtobus Rossiyaning Volgograd shahridan Qozogʻistonning Chimkent shahriga borayotgan boʻlgan.

Aqtoʻbe viloyatining Aytekebiy tumanidagi Qorabutoq posyolkasidan 20 kilometr uzoqlikdagi joyda avtobus halokatga uchragan.

Aksar oʻzbekistonliklar Rossiyada ishlab pul topish uchun yoʻlga Qozogʻistonning avtomobil yoʻllari orqali tushadilar.

Choʻl hududlari orqali oʻtadigan yuzlab kilometr asfalt yoʻllarning sifati talabga javob bermasligini Qozoq rasmiylarining oʻzlari ham tan oladilar.

Yoʻl nosozligi ham koʻplab yoʻl-transport hodisalariga sabab boʻladi.

Bundan ilgari ham oʻzbekistonliklar oʻtirgan avtoulovlar halokati oqibatida insonlar halok boʻlgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02