Toshkent Britan maktabi direktori oʻzbek tiliga qiziqish yoʻqligidan shikoyat qildi

Image copyright Timur Musin
Image caption Toshkent Britan maktabi direktori maktubi

Toshkentning eng koʻzga koʻringan tadbirkorlaridan biri, "Caravan group" restoranlar tarmogʻi asoschisi Timur Musinning oʻz Facebook sahifasida yozishicha, Toshkent Britan maktabi (The British School of Tashkent) oʻquvchilarning oʻzbek tiliga qiziqishi sustligi borasida ota-onalarga maktub yoʻllagan.

Musinning oʻgʻli ayni maktabning oʻquvchisidir.

"Uchinchi va undan yuqoriroq sinflar oʻquvchilari ota-onalariga shanba kungi maktab majburiy ekanini eslatib qoʻymoqchimiz, chunki oxirgi bir necha hafta davomida oʻzbek taʼlim tizimi boʻyicha oʻtiladigan darslardagi davomat keskin tushib ketgan", - deyiladi maktab direktori Edrian Makaley yozgan xatda.

Musinning BBCga aytishicha, shanba kuni Toshkent Britan maktabida ikki oʻzbek tili darsi oʻtiladi, ammo oʻquvchilar unda qatnashishni yoqtirmaydilar.

"Bolaligimizda eng yomon koʻrgan darsimiz ona tili - oʻzbek tili boʻlar edi. Bunga, eslashimcha, yomon shakllangan oʻquv dasturi sabab edi. Maktabda oʻzbek tilini oʻqitish uslubiyati shunday ediki, olti yildan ortiq oʻqib ham hech kim uni mutlaqo oʻrgana olmadi! Afsuski, ayni shu dastur boʻyicha bizning farzandlarimiz ham oʻqitilyapti. "Jim boʻl!" degan soʻzlardan boshqa hech narsa esda qolmagan. Darslar zerikarli. Hamma narsa muallimning baqiriqlari, hamda oʻquvchilarning bu darsni oʻqishga mutlaq istagi yoʻqligiga qurilgan", - deb yozadi u oʻz sahifasida.

Image copyright British School of Tashkent
Image caption Toshkent Britan maktabida asosan britaniyalik oʻqituvchilar dars beradi

BBC bilan suhbatda boʻlgan va ismi oshkor etilishini istamagan oʻqituvchi rus maktablarida ham oʻzbek tiliga boʻlgan qiziqish va eʼtibor sust ekanini tasdiqladi.

"Men aslida rus tili va adabiyoti oʻqituvchisiman, avval oʻzbek maktabda ishlaganman. Lekin, hozirda rus maktabda oʻzbek tilidan dars beryapman", - deydi u. Uning aytishicha, aksar ota-onalar oʻzbek boʻlishsa-da oʻz farzandlari yaxshi taʼlim olishi uchun ularni rus maktabiga beradilar, ammo ular uchun oʻz bolasi oʻzbek tilini yaxshi oʻrganini ustivor masala emas.

Oʻzbekistonda oʻzbek tili 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomini olgan, ammo shu kungacha davlat muassasalari aksar hollarda rus tilida ish olib boradilar.

Timur Musin oʻzbek tili "juda muhim va zarur" deydi.

"Buni toʻgʻri yoʻlga soladigan odamlarga qanday chiqsa boʻlarkin? Axir bu oxirgi 50 yildirki davom etyapti. Hozir ham bolalar maktabda 6-7 yil oʻzbek tilini oʻrganadilar, lekin uni mutlaqo bilishmaydi. Mana oʻgʻlim oʻqiydigan maktab direktori yozgan xat shunga isbot. Balki sovet davridan qolgan taʼlim tizimini ildizi bilan sugʻurib tashlash vaqti kelgandir?" - deb soʻraydi u.

Musin yangicha qarashli oʻqituvchilarni tayyorlash uchun eng yaxshi yosh pedagoglarni Yevropa va Amerikadagi oʻquv dargohlariga tajriba olish uchun yoʻllashni taklif qiladi. Uning aytishicha, "risoladagidek maosh, mukofotlar va hukumatning qoʻllab-quvvatlovi" zarur.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02