"Hech qanday taqiq yoʻq", it goʻshti festivali yana boshlandi

It goʻshti Image copyright AFP

Shuncha gap-soʻzlar va ziddiyatlarga qaramay, it goʻshti festivali Xitoyning Yuylin shahrida boshlangan.

Bu yil bekor qilinarmish yoki kichikkina boʻlarmish, degan xabarlar ham chippakka chiqqan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

It goʻshti yillik festivaliga, odatda, Guansi viloyati mezbonlik qilib keladi.

Shu yil boshida amerikalik faollar umidbaxsh bayonot bilan chiqishgan.

Xitoylik masʼullar qassoblarga it goʻshti sotishni taqiqlashganini aytishgandi.

Ammo ularning BBCga aytishlaricha, ularga hech kim hech narsa demagan.

Bundan avval itlarni asrab qolmoqchi boʻlgan faollar va qassoblar oʻrtasida toʻqnashuvlar ham kuzatilgan.

Yuylin shahrining oʻzida esa, koʻp ham it goʻshti yeyishmaydi.

Lekin ayni shu festival sabab, qariyb oʻn yildirki hammaning diqqat-markazida.

Faollarga koʻra, bu itlarga nisbatan shafqatsizlik va bunga toqat qilinmasligi kerak.

Ammo mahalliy aholi va qassoblarga koʻra, bu - choʻchqa, mol yoki tovuqni soʻyib, yeyishdek bir gap.

Xitoy, Janubiy Koreya va yana ayrim Osiyo davlatlarida bu anʼana qadimdan qolgan.

Bu anʼana tarafdorlariga koʻra, bu - chetdan turib, birovning ishiga burun suqish boʻladi.

Biroq, tanqidchilarga koʻra, itlar festival arafasida Yuylinga Xitoyning boshqa kichik shaharlaridan kichik-kichik qafaslarga tiqib, tiqib keltiriladi.

Soʻngra sotish uchun shafqatsiz bir tarzda oʻldiriladi.

Faollarning bunga qoʻshimcha daʼvo qilishlaricha, sotishga moʻljallangan aksariyat itlar oʻgʻirlangan boʻladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02