Toshkentda 2 tonnadan ziyod narkotik yoqildi

Xavfsizlik xizmati xodimi Image copyright BBC O'ZBEK

Toshkentda diplomatlar va jurnalistlar koʻzi oʻngida 2 tonna 400 kilogramm giyohvand moddalar yoqib yoʻq qilingan.

Rasmiylarning xabar qilishlaricha, narkotik moddalar Afgʻoniston va Tojikistondan Oʻzbekistonga olib kirishga yoki olib oʻtishda harakat qilingan payti noqonuniy giyohvand moddalar tashuvchilaridan tortib olingan va musodara qilingan.

Narkotiklar Oʻzbekistonning turli huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻlga tushirilgan.

Va 23 iyun kuni poytaxt Toshkent tashqarisidagi ishlab chiqarish korxonalaridan birining pechida yoqilgan bangivor moddalar allaqachon narkotik tashuvchilarning sudlarida ashyoviy dalil sifatida qoʻllanilgan va mahkama qarori bilan yoʻq qilinishi talab etilgan narkotiklardir.

Oʻzbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati xabar qilishicha, mamlakat huquq-tartibot idoralari 2016 yili jami 3,5 tonna noqonuniy giyohvand moddani qoʻlga kiritganlar.

Bu raqam 2015 yilga solishtirganda 1 tonna koʻpdir.

Image copyright BBC O'ZBEK

Toshkentda yoqilgan narkotik moddalar orasida 22 kilogramm Afgʻonistonda tayyorlangan geroin, 1,5 tonna qoradori boʻlgan.

100 dan ortiq xorijlik narkotik tashuvchi Oʻzbekiston hududida qoʻlga olingan.

Ularning 24 nafari Afgʻoniston, 27 Tojikiston va 19 kishi Rossiya fuqarosi boʻlgan.

Oʻzbekistonning janubiy qoʻshnisi Afgʻoniston hamon dunyoning eng yirik koʻknor va geroin yetishtiruvchisi boʻlib qolmoqda.

1994 yildan buyon Oʻzbekiston rasmiylari 57 tonna va 400 kilogramm noqonuniy giyohvand moddalarni yoʻq qilganlarini aytadilar.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02