Turkiya ikki qochqinni Oʻzbekistonga topshirdi

Istanbul Image copyright silivriyerelhaber.com

Turkiya shu yil aprelida "terror gumondori" deya ushlangan ikki nafar oʻzbek muhojirini Oʻzbekistonga topshirgan.

Qashqadaryoning Beshkent shahridan boʻlgan 38 yoshli Erkin Avazov 22 iyun oqshomi "Turk havo yoʻllari" uchogʻi bilan Toshkentga yuborilgan.

Istanbuldagi BBC manbalarining bildirishicha, Aydin shahrining muhojirlik boʻlimi, deportatsiya markazida ushlab turilgan Avazov payshanba kuni Oʻzbekistonning Istanbuldagi konsuliga topshirilgan.

Avvalroq Istanbuldagi politsiya idorasidan Birlashgan Millatlarning Qochqinlar agentligiga murojaat qilgan Avazov Oʻzbekistonni siyosiy sabablar bilan tark etganini aytgan.

Oʻzining soʻzlariga koʻra, u Turkiyaga 2014 yilda Rossiya orqali kelgan va shu yerda ishlab, oilasini tebratgan.

BBCga kelib tushgan murojaat nushasida Avazov hech bir diniy guruhga mansub emasligini aytgan.

Oʻzbekistonga topshirilgani aytilayotgan Abdulla Ermatov ismli ikkinchi qochqin haqida koʻp narsa maʼlum emas.

Har ikki shaxs Oʻzbekistonda diniy-siyosiy ayblar bilan qidiruvga berilgani aytiladi.

"Terror gumondori"

BBCga maʼlum boʻlishicha, Avazov oxirgi uch yil mobaynida ayoli va ikki farzandi bilan Turkiyada yashab kelgan va Istanbul bozorida savdo bilan shugʻullangan.

Shu yilning 14 aprelida Istanbulning Pendik mavzeʼsidagi Avazov yashab turgan uyga reyd uyushtirgan Turkiya politsiyasi oʻzbekistonlik muhojirni "hujjatlari toʻliq boʻlmagani uchun" hibsga oladi.

Turkiyadagi manbalar Avazovning Istanbuldagi Reyna tungi klubiga uyushtirilgan hujum ortidan oʻzbek va boshqa markaziy osiyolik muhojirlarga nisbatan boshlanib ketgan amaliyotlar doirasida ushlanganini aytishmoqda.

Turkiyalik advokat Ibrohim Ergulning BBCga aytishicha, politsiya Avazovni "terror gumondori" sifatida roʻyxatga olgan, ammo tekshiruvlar jarayonida uning terrorga aloqadorligi borasida hech qanday dalil topilmagan.

Image copyright courtesy
Image caption Erkin Avazov 2014 yildan buyon Turkiyada yashab kelgan

Advokatga koʻra, Avazovning ishi boʻyicha muhojirlik idorasi mahkama hukmisiz qaror chiqargan.

BBCning "bu qanday boʻlishi mumkin?" degan savoliga advokat, "afsuski, bugungi Turkiyada bunday ishlar boʻlayapti", - deya javob berdi.

U Erkin Avazovning Oʻzbekistonga topshirilishini "Turkiya prokuraturasi va muhojirlik idorasi yoʻl qoʻygan mudhish xato" deb atadi.

Advokatning soʻzlariga koʻra, Erkin Avazovning Oʻzbekistondagi taqdiri borasida maʼlumot olish imkonsiz.

Erkin Avazov oxirgi yillarda Oʻzbekistonga topshirilgan birinchi shaxs boʻlgan.

1999 yilda Toshkent portlashi gumondorlarini Oʻzbekistonga tutib bergan Turkiya xalqaro maydonda tanqid qilingan va gumondorlarning Turkiyada qolgan oila-aʼzolariga tovon puli toʻlashga majbur boʻlgan edi.

Ekstraditsiya qilinganlardan biri - Zayniddin Asqarov 2010 yil oktyabrida Oʻzbekiston qamoqxonasida vafot etgan.

Turkiyadagi faollarga koʻra, hozirda Turkiyaning muhojirlik markazlarida 30 ga yaqin oʻzbeklar hanuz hibsda qolmoqda.

Ular oʻtgan yil dekabrida boshlangan terrorga qarshi amaliyotlar doirasida hibsga olingan.

Bu amaliyotlarda ushlangan oʻzbeklarning aksariyati hech qanday aybsiz qoʻyib yuborilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02