Markaziy Bank qarori soʻmning keskin qadrsizlanmasligiga qaratilganmi?

soʻm Image copyright Sof.uz

Oʻzbekiston Markaziy Banki qayta moliyalash stavkasini 14 foizgacha koʻtarish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Shu vaqtgacha u 9 foizni tashkil qilardi. Mutaxassislar ushbu qaror mamlakatdagi real inflyatsiyani tan olishni bildirishi va valyuta konvertatsiyasini erkinlashtirish uchun zamin ekanligini aytmoqda.

Markaziy Bank xabarida 28 iyun kunidan qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foizgacha koʻtarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani aytiladi.

"Mazkur qarorning qabul qilinishi joriy yilning oʻtgan davrida inflyatsiya surʼatlarining tezlashishi hamda inflyatsion xatarlarning ortishini cheklash boʻyicha choralarni kuchaytirish zaruriyatining yuzaga kelganligi bilan izohlanadi", - deyiladi unda.

Xabarda aytilishicha, ushbu chora valyuta kursi shakllanishining erkin bozor rejimiga oʻtish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratadi. Hamda narxlar barqarorligi va past inflyatsion kutilmalarni taʼminlash hamda oʻrta va uzoq muddatli investitsion qoʻyilmalarni ragʻbatlantirish orqali tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy sharoitlarni shakllantiradi.

Iqtisodchi Yuliy Yusupovning kommersant.uz nashridagi maqolasida yozilishicha, qayta moliyalash stavkasining oshirilishi mamlatdagi real inflatsiya darajasini rasman tan olinganidan darak beradi.

"Ikkinchidan u pulning keskin qadrsizdlanishi kutilayotgan bir mahalda narxlarning oshib ketishini oldini olishga qaratilgan", deydi Yuliy Yusupov.

Mutaxassisga koʻra, valyuta bozori erkinlashtirilishi arafasida ushbu qaror juda muhim. Sababi past stavka saqlanib qolsa, tijoriy banklar bozorda valyuta kursi oʻynashidan foyda qilib qolish uchun Markaziy Bankdan katta miqdorda kredit olishni boshlab yuborishi mumkin. Natijada dollarga talab keskin oshishi va oʻzbek soʻmi keskin qadrsizlanishi mumkin.

Qayta moliyalash stavkalarining oshirilishi mana shu holatning oldini olishi mumkin.

Blogger Firuz Allayev sof.uz saytida qayta moliyalash stavkasi haqida tushuncha bergan:

Qayta moliyalash stavkasi nima oʻzi?

Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi bu Markaziy bankning Respublikadagi boshqa banklarga taqdim qiladigan puliga qoʻyilgan toʻlov foizidir. Masalan, sodda tilda aytilsa, Markaziy bank bizdagi banklarga kredit beradi, banklar oʻz navbatida ushbu kreditni jismoniy va yuridik shaxslarga kredit yoki qarz qilib qayta tarqatadi. Bunda Markaziy bankdan maʼlum bir foizga olingan kreditni ustiga oʻz foizini qoʻshib tijorat banki aholiga kredit tarqatadi. Masalan, Markaziy bankdan tijorat banki bir million soʻm olsa, endilikda yangi stavkaga binoan ushbu summaga 14 foiz qoʻshib yaʼni 1 140 000 soʻm qilib qaytarish kerak. Ushbu summadan tijorat banki oʻz daromadi qoʻshib aholiga qarz yoki kredit beradi. Tijorat banki Markaziy bankdan 14 foizlik stavkada olgan boʻlsa, aholiga uni 20 yoki 22 foizlik stavkada sotadi va oʻrtadagi foizlar bu tijorat bankining daromadidir.

Nima uchun Markaziy bank aholiga toʻgʻridan-toʻgʻri kredit bermaydi?

Markaziy bank faqat yirik miqdordagi summalar bilan ishlaydi. Bu yerda gap bir necha milliarddan tortib bir necha 100 milliard haqida ketmoqda. Mana shu holatda tijorat banklari aholi va Markaziy bank oʻrtasiga vositachi rolini oʻynaydi va bundan, albatta oʻz daromadini oladi. Boshqa tomondan, Markaziy bankda Respublikaning hamma nuqtasida minglab filiallarni ochib, aholi bilan ishlash imkoniyati mavjud emas.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq