Oʻzbekiston Ramazon hayitini nishonlamoqda

Toshkent shahrida Ramazon hayiti namozi Image copyright MEHROB.UZ

26 iyun kuni ertalab Oʻzbekistondagi jomeʼ masjidlarida Ramazon Hayiti - Iyd al-Fitr namozlari ado etildi.

Dunyoning qator musulmon mamlakatlari va Yevropada istiqomat qiladigan musulmonlar Iyd al-Fitrni bir kun oldin bayram qildilar.

Image copyright PressPhoto.uz / HSА / «Дарё»

Bu yil oʻzbekistonliklar ketma-ket uch kun dam oldilar.

Bu yil Ramazon oyida Oʻzbekistondagi bir necha masjidlar Tarovih namozlari videolarini toʻgʻridan-toʻgʻri Internetda namoyish etdilar.

Oldingi yillarda kuzatilgan oshxona va restoranlarda iftorlik tashkil qilish, tamaddixonalarning tunda roʻzadorlarga xizmat qilishini cheklashlar kuzatilmadi.

Image copyright MEHROB.UZ

Shu oyda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda Islom madaniyati markazini barpo etish haqida qaror qabul qildi.

- Davlatimiz rahbari insoniyat boshiga kelgan eng katta tashvishlardan biri - terrorizm va ekstremizmga, jaholatga qarshi maʼrifat bilan ongli kurash olib borishda yangi bosqichni boshlab berdi, - deb aytgan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 26 iyun tongida Toshkentdagi Hazrati Imom masjidida Ramazon hayitida qilgan maʼruzasida.

Image copyright MEHROB.UZ

"Bu yilgi Ramazon oyida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida buyuk ajdodimiz, ulugʻ muhaddis Imom Termiziy maqbarasi taʼmirlanib, yangi masjid bunyod etildi, Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markaziga asos solindi. Shuningdek, Samarqanddagi Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Fargʻonadagi Margʻinoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxorodagi Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryodagi Abu Muʼiyn Nasafiy markazida aqida ilmi maktabi tashkil etilmoqda. Bularning barchasi farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalashda muhim asos boʻlib xizmat qiladi. Shukrlar boʻlsinki, ona zaminimiz Yaratganning rahmati yogʻilgan moʻʼtabar zamin, aziz-avliyolar xoki qoʻnim topgan yurtdir. Alloh taolo shu moʻʼtabar diyorga oʻzining aziz neʼmati - tinchlik, osoyishtalikni berdi, qut-baraka, farovonlikni ato etdi. Endigi vazifamiz ana shu ulugʻ neʼmatlarga shukrona keltirib, ularning yanada ziyoda boʻlishi uchun hamjihatlikda harakatlar qilishdan iborat", deya muftiy Usmonxon Alimovdan iqtibos keltiradi OʻzA axborot agentligi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq