Xorijdamisiz, Oʻzbekiston elchiliklariga navbatga yozilish "osonlashadi"

Bryussel Image copyright AFP

Xabarlarga koʻra, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi yangi bir tajribaga qoʻl urmoqchi.

Xorijdagi fuqarolarining Oʻzbekiston diplomatik missiyalariga murojaat qilishlari uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratmoqchi.

Nazardan qochirmang - tafsilotlari videolavhamizda.

Ayon boʻlishicha, diplomatik vakolatxonalar rasmiy web sahifalarida elektron navbat xizmati yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻzbekistonliklar esa, uning vositasida lozim mutaxassis qabuliga oldindan yozilishlari mumkin boʻladi.

Taʼkidlash joiz, bu kabi E-Navbat xizmati shu paytga qadar Oʻzbekiston elchiliklari faoliyatida kuzatilmagan.

Rasmiy xabarlarga koʻra, yangicha tizim dastlab Qozogʻistondagi elchixonada sinab koʻriladi.

Ammo yaqindan boshlab vazirlikning consul.mfa.uz sahifasida Oʻzbekiston fuqarolariga onlayn maslahat berish tizimi ham ishlay boshlagan.

Ayniqsa, biometrik pasportga oʻtish jarayoni xorijdagi oʻzbekistonliklar uchun koʻplab savol va mushkulliklar keltirib chiqardi.

Prezident Islom Karimov vafotidan keyin vazirlik va Oʻzbekiston diplomatik muassasalari faoliyatida ham oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

Xususan, yaqinda Oʻzbek tashqi siyosat idorasi xorijdagi millionlab oʻzbekistonliklarning muammolariga koʻz yumib kelganini eʼtirof etdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02