20 yilki yarim oʻlik boʻlib yashayotgan ayollar

Image copyright Соловьев Андрей/TASS
Image caption Xatlonning Qumsangir qishlogʻidan qochayotgan ayollar va bolalar.

Tojikistondagi fuqarolar urushiga yakun yasagan milliy yarashuv bitimi imzolanganiga 20 yil toʻldi.

1992-1997 yillari davom etgan bu urush sobiq Sovet Ittifoqi qulashi ortidan chiqqan eng uzoq davom etgan va eng qonli xunrezlik boʻlgan.

Tojikiston fuqarolar urushida:

•100 ming inson halok boʻldi;

•55 ming bola yetimga aylandi;

•26 ming ayol beva qoldi.

Millionlab odamlar jon saqlash uchun boshqa davlatlarga, hatto, Afgʻonistonga qochib oʻtishdi.

Ammo koʻplab ayollar uchun 20 yillik yaralar hamon bitmagan. Balki hech qachon bitmasligi mumkin.

Image caption Gulruxsor Safiyeva "Ayollar va urush" kitobini hayotiy hikoyalar asosida yozgan.

Taniqli tojik shoirasi va yozuvchi Gulruxsor Safiyeva urush dahshatlarini boshidan kechirgan ayollar hikoyalarini "Ayollar va urush" kitobida jamlagan.

Yozuvchining aytishicha, koʻp ayollar oʻz yuragini toʻkib solish uchun ham uning oldiga kelishgan.

(Maqoladagi hikoyalar koʻngilni xira qilishi mumkin).

"Kitobni ikki yil yozdim, keyin qoʻlim bormadi" - eslaydi Gulruxsor Safiyeva - "Irodam yetmadi, dahshatli haqiqatlar koʻp edi".

Kitobdagi ayollarning ismlari oʻzgartirilgan. Urush payti 25-30 yoshlarda boʻlgan u ayollarning koʻpi hozir hayot emas.

"Ularning boshiga tushgan musibatlar, tahqirlar va azoblarga hamma ham bardosh bera olmaydi" - deydi yozuvchi.

"Tirik ayollar esa hamon yarim oʻlikdek yashashayotganini aytishadi".

Image copyright Соловьев Андрей/TASS
Image caption Millionlab odamlar urush payti qochqinga aylangandi.

Zoʻrlangani uchun eri haydagan

Yozuvchi Qirgʻizistonda payti uchratgan qochqin ayolni urush payti zoʻrlashgan, keyin eri ham undan yuz oʻgirgan.

Uning eri qurolli isyonkorlar safida boʻlgan, raqiblari esa qasos olish uchun xotinini zoʻrlashgan.

Ayol bolalarini olib qochqinga aylangan. Urush tugagach, qaytib kelgan eri esa unga dalda berish oʻrniga, balki "haromsan" deb uydan haydagan.

"Ayol kishini bir necha marta oʻldirish mumkin" - mushohada qiladi yozuvchi - "Uning bolalari yo erini oʻldirganda, uyini xonavayron qilganda va nomusiga tajovuz etganda

Image copyright Соловьев Андрей/TASS
Image caption Tojikiston urushida 55 ming bola yetim, 26 ming ayol tul qoldi.

"Bola jondan aziz emas ekan"

Panjlik Sadafning yolgʻizgina qizchasi boʻlgan. Urushda koʻpchilik bilan solga oʻtirib, daryodan Afgʻonistonga qochishgan.

Ammo daryo oʻrtasiga yetganda, otishma boshlanadi va barcha suvga qulab tushadi.

Sadaf qandaydir butaga osilib qoladi, ammo qizchasi suvga choʻka boshladi. U onasidan yordam soʻraydi.

Lekin Sadaf qoʻlini qoʻyib yuborsa, oʻzi ham suvga choʻkishini anglaydi. Qizini qutqara olmaydi.

"Bola jondan aziz degan gaplar yolgʻon ekan" - tan oladi Sadaf - "Oʻlimga yuz tutgan chogʻingda oʻz joning koʻzingga shirin koʻrinarkan".

Sadaf hamon gunoh hissi bilan yashaydi. Oʻzini kechirolmaydi.

Urush yaralari bitmagan

Odamlar urushni eslashni istashmaydi. Xotiralar juda ogʻriqli.

Tojikiston urushi insonlarni qurbonlar va jallodlarga ajratgan.

Hozir ayrim ishlar qayta koʻrib chiqilmoqda. Maʼlum boʻlishicha, eng shafqatsiz yomonliklarni qilgan odamlar tanishlar yoki qoʻshnilar boʻlib chiqayotir.

Urush bahonasida kimdir eski janjal uchun qasos olgan, boshqasi esa bir paytlar qiz bermay, sovchisini qaytargan oilani benomus qilishga bel bogʻlagan.

"Urush guvohlari tilidan yozilgan tarix balki hech qachon haqiqat boʻlolmas. Chunki har kimning oʻz haqiqati bor".

"Hozir xolis hikoyalarni kutmang, bunga vaqt kerak" - deydi Gulruxsor Safiyeva - "Hali bunga erta".

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq