Tojikistonda mashhur o'zbek shoiri vafot etdi

Oʻlmas Jamolning koʻplab sheʼrlari qoʻshiq boʻlgan Image copyright Screenshot
Image caption Oʻlmas Jamolning koʻplab sheʼrlari qoʻshiq boʻlgan

Tojikistonlik mashhur o'zbek shoiri O'lmas Jamol uzoq davom etgan bemorlikdan so'ng 83 yoshida dunyodan o'tgan. Marhumni so'nggi yo'lga kuzatish marosimlari ertaga, ertalab belgilangan.

Shoirning o'zi yozishicha, uning otasi Jamol nonvoy va onasi Mehriniso aya bo'lishgan. O'lmas Jamolning bolalik yillari O'zbekistonda, Samarqand viloyatining Urgut tumanida o'tgan. Boshlangʻich sinfda o'qib yurgan yillari O'lmas Jamollar oilasi Tojikistonga, Dushanbe shahriga ko'chib kelgan. U maktabdan so'ng Tojikiston Davlat universitetining tarix-filologiya bo'limini bitirgan. Uzoq yillar Tojikistondagi yetakchi o'zbek gazetasi "Sovet Tojikistoni", hozirgi "Xalq ovozi" gazetasida ishlagan. Sheʼriyatga oshno bo'lgan nonvoy otasi taʼsirida bolalik yillaridayoq sheʼr yoza boshlagan. Dastlabki sheʼrlar to'plami - "Mehr bulogʻi" shoirning 25 yoshligida nashr etilgan. Shundan keyin o'nlab kitoblari Dushanbe va Toshkentdagi nashriyotlarda chop etilgan.

U o'zbek adabiyotida gʻazal janrini qaytadan jonlantirgan shoirlardan hisoblanadi. Shoir sheʼrlari bilan Faxriddin Umarov, Kamoliddin Rahimov, Jo'rabek Murodov, Jo'rabek Nabiyev, O'rinbek Hamdamov, Ozodbek Nazarbekov kabi mashhur hofizlar qo'shiqlar ijro etishgan.

Tojikiston Yozuvchilar Ittifoqi aʼzosi O'lmas Jamol shu Ittifoqning o'zbek bo'limiga uzoq yillar davomida boshchilik qilib keldi. Yosh ijodkorlar asarlarini nashr etishga yordam berdi, o'nlab shogirdlar yetishtirdi.

U Tojikiston Respublikasi Ro'dakiy nomli Davlat mukofoti qo'mitasi aʼzosi sifatida faoliyat yuritdi. O'lmas Jamol Tojikistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist unvoni bilan taqdirlangan. Unga Tojikiston Hukumatining "Do'stlik" ordeni berilgan.

Bir yurak ikkiga tilinmas aslo

Image caption Muxlislar davrasida

2014-yilda Tojikiston poytaxti - Dushanbeda oʻzbek shoiri Oʻlmas Jamolning 80 yilligi nishonlangandi.

Shoir tavallud ayyomini nishonlash uchun Tojikistonning deyarli hamma mintaqalaridan shoir va yozuvchilar, ijodkorning yuzlab muxlislari yigʻilishdi.

Toʻrt yuz kishidan ortiq odamni sigʻdira oladigan katta tolor Oʻlmas Jamol doʻstlari, muxlislarini sigʻdira olmagan. Oʻnlab kishilar tik turib qolishgandi.

Yigʻilishda dastlab soʻz olgan Tojikiston Yozuvchilar ittifoqining o'sha paytdagi raisi Mehmon Baxtiy Oʻlmas Jamolning faqatgina Tojikistondagi oʻzbek adabiyotiga emas, balki tojik adabiyotiga ham hissa qoʻshganligini taʼkidlagan.

U shoirning Alisher Navoiydan keyin oʻzbek shoirlari orasida toʻrt devon tuzishga muvaffaq boʻlganligini alohida taʼkidlagandi.

Shoir 80 yilligi arafasida unga bagʻishlab Dushanbeda nashr etilgan kitobga aynan Mehmon Baxtiyning Oʻlmas Jamol borasidagi soʻzlari - "Ikki chaman bulbuli" nom oʻlaroq tanlangan.

Tantanani olib borgan Tojikiston Xalq shoiri Kamol Nasrullo Oʻlmas Jamol haqida soʻzlar ekan, oʻzbek va tojik xalqlarini hech qachon ajratib boʻlmasligini, buning uchun bir yurakni ikki tilib tashlash zarurligini ifoda etgan.

Mashhur shoira Gulruxsorga ko'ra Oʻlmas Jamol Ro'dakiydan tortib hozirgi tojik shoirlarining asarlarini oʻzbek kitobxonlariga yetkazib berishda beqiyos xizmat qilgan, uning ikki tilni birday yaxshi bilishi tarjimaning asl nusxadagi kabi chiqishida muhim oʻrin tutadi.

Sobiq SSSR Xalq artisti Jo'rabek Murodovga ko'ra Oʻlmas Jamol tojik va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi katta koʻprikdir.

- O'lmas akaning ikki xalq doʻstligini vasf etuvchi "Tojikiston oʻgʻlidurman, oʻzbegim gufto pisar…" qoʻshigʻini har hoim yurak-yurakdan berilib, hayajonimni yenga olmasdan ijro etaman, - degan Jo'rabek Murodov.

Yaxshi niyat uchun o'q yomgʻiri ham pisand emas

Tojikistonning ilk mustaqillik yillarida mamlakatda kechgan fuqarolik urushi davrida Oʻlmas Jamol oʻzbek va tojiklarni doʻstlikka, birodarlikka chorlash uchun hayotini xavfga solgan holda oʻq uzilib turgan yerlarga ham borgan.

U mamlakatda ikki qarama-qarshi kuch orasida tuzilgan yarashuv bitimidan soʻng tashkil etilgan Vahdat ("Birlik") va milliy tiklanish harakati Rayosati aʼzosi sifatida turli qarashdagi kishilarni bir maqsad - mustaqil Tojikiston tinchligi, obodligi, taraqkiyotini taʼminlash uchun kurashdi.

Hozirda Dushanbeda, Qoʻrgʻontepada urgutliklar yashaydigan oʻndan ortiq mahalla mavjud. O'lmas Jamol shu mahallalardan birida yashagan. Keyinchalik Dushanbe shahar hukumati tomonidan berilgan ko'p xonali uyga ko'chib o'tgan.

Shoir orzulari ushalib qolar

O'lmas Jamol ijodiga uning o'zbekistonlik ijodkor do'stlari yuqori baho berishgan.

Oʻzbekiston Xalq shoiri, marhum Erkin Vohidov Oʻlmas Jamol borasida shunday degandi:

"Hech esimdan chiqmaydi, ulugʻ ustozimiz Gʻafur Gʻulom bilan Dushanbeda safarda boʻlganimizda bir adabiy kechamiz boʻlib oʻtgan edi. Oʻshanda tojikistonlik bir necha yosh shoir ham ishtirok etgan edi. Oʻlmas Jamol ularning yetakchisi edi. Gʻafur Gʻulom yosh shoirlarning sheʼrlarini tinglab, boshlarini silab, koʻngillarini koʻtarib, mehribonlik koʻrsatganiga oʻzim guvohman. Oʻlmas Jamolning sheʼriyatidagi nafosat, dilbarlik yoniga donishmandlik qoʻshildi. Insoniy dard, insonparvarlik, gumanistik yoʻnalish paydo boʻldi. Hozir u mahoratning choʻqqisida turibdi. Bizga tengdosh boʻlgan shoirlar orasida O'lmas Jamol kabi aruzda ijod qilganlari juda kam".

Erkin Vohidov kabi Abdulla Oripov, Jamol Kamol kabi mashhur oʻzbek shoirlari ham Oʻlmas Jamolning aruzdagi mahoratini taʼkidlashgan.

"Mana Oʻlmas Jamol koʻplab devon tuzibdilar. Men shu oʻrinda aytmoqchimanki, devon tuzish, bu hammaga maʼlum, har bir shoirga ham nasib etgan emas. Hozirgi zamonda ham, oʻtgan davrlarda ham bu devonlar oʻz-oʻzidan nashr ham boʻlib qolavermaydi, bundan koʻz yummaslik kerak", degan edi vaqtida Abdulla Oripov.

U Oʻlmas Jamol haqidagi soʻzini davom ettirar ekan, "Bozor iqtisodiyoti kabi muammolar yozuvchining qarshisidan chiqib turadi. Bu butun dunyoda bor gap. Shunday sharoitda shoirning nainki sheʼrini oʻqib, balki tushunib, unga koʻmak berib kelayotgan insonlar yaxshiyamki, bu dunyoda bor. Men ularga chin dildan rahmat, deyman", degan fikrni aytgan.

Shoir sheʼrlarini kitob shaklida nashr etishda uning Tojikistondagi urgutlik do'stlari yaqindan yordam berishgan.

Shoirning sakson yoshligi arafasida Dushanbedagi "Adib" nashriyotida uning toʻrtinchi devoni - "Maʼmur" nashr etilgandi.

Oʻzbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol "Oʻlmas akaning yana bir oʻzga ulugʻ xususiyatini taʼkidlashni istardim", deydi.

Uning yozishicha:

"Oʻlmas aka bizni birodarlikka undaydi. Tojik va oʻzbek xalqlari doʻstligini kuylaydi. Shuni bitta emas, yuzlab qoʻshiqlarga aylantirgan mana shu Oʻlmas Jamol boʻladi. Insof bilan aytish kerak, biz doimo aytamiz, bu bir et bilan tirnoq - ikki xalq. Biz xalqni doʻstlikka, birodarlikka undamasak boʻlmaydi. Chunki bizga oʻsha sovet davridan millatchilik degan bir baloni olib kelishdi. Paygʻambarimizdan qolgan hadis borki, millatchilik islom uchun haromdir. Asosiy bayrogʻi ummatchilik, millatchilik emas. Shuning uchun, biz kelajakda albatta nainki Tojikistonu Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo bitta ittifoqqa uyushishimiz kerak. Bu bugun boʻlmasa, indin, albatta boʻladi. Nima uchun? Chunki 27 davlat Yevropa ittifoqi boʻlib turganda, nega biz jonu jigar, dilimiz, tomirimiz, ildizimiz bitta boʻlgan 5 ta respublika alohida-alohida boʻlib yashaymiz?.. Ana shu birgalikka undaydigan shoirlardan bittasi Oʻlmas Jamol akamiz boʻladi".

O'lmas Jamol keyingi yilda O'zbekiston va Tojikiston orasidagi munosabatlarning iliqlashganidan behad shodlanardi. U kishi bir orzu bilan yashardi - ikki qo'shni mamlakat orasidagi viza tartibi butunlay olib tashlanib, qondosh xalqlar ancha yillar oldindagi kabi bemalol borish-kelish qilishsa, bir-birlarining to'ylarida o'ynab-kulishsa, ogʻir damlarida birga qaygʻurib, yelka tutib turishsa!

O'lmas Jamolning o'sha sakson yilligi tantanasida Tojikiston Yozuvchilar Ittifoqi rahbari shoirning har qanday yuksak mukofotga arzirli ekanligini, uni taqdirlash borasida mamlakat hukumatiga murojaat etilganini aytgandi.

Oradan uch yil o'tdi. Bu mukofotdan darak bo'lmadi. Balki mukofot berilar, lekin o'zining mukofot deb sheʼr yozmaganini bot-bot aytib turgan ijodkor uni ko'rmay ketdi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02