Tramp Mirziyoyev va Oʻzbekiston xalqini hayit bilan tabrikladi

Tramp Image copyright courtesy

AQSh prezidentining "samimiy tabriklari" oʻzi va rafiqasi Melaniya nomidan yoʻllangan.

Tabrik avvalida Amerikadagi musulmonlarning Ramazon oyida qilgan amallari alohida tilga olingan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Ularning butun dunyo musulmonlari qatori imon-eʼtiqod va xayr-ehson amallariga alohida eʼtibor qaratishgani aytilgan.

Qoʻshnilari va jamiyatning turli tabaqalari vakillariga yordam berish va qoʻllab-quvvatlash anʼanasini davom etdirishgani urgʻulangan.

Soʻngra "mazkur bayramni nishonlar ekanlar, rahm-shafqat, mehr-oqibat va ezgu niyat kabi fazilatlar ahamiyatini yanada teran anglashlari" aytilgan.

Bu bilan AQShning Oʻzbekiston bilan ana shu qadriyatlarni eʼzozlashga qaratilgan umumiy majburiyatlarini yana bir bor taʼkidlashi urgʻulangan.

"Samimiy qutlov" "Ramazon hayiti muborak boʻlsin!", degan soʻzlar bilan yakun topgan.

Tramp oʻtgan 20 yil ichida ilk bor Ramazon oyi soʻnggida iftor berish anʼanasini buzgan birinchi AQSh prezidenti boʻlgan.

Ammo shanba kuni butun dunyo boʻylab hayitni bayram qilayotgan musulmonlarga "iliq tabriklari"ni yoʻllagan.

Tramp saylovoldi kampaniyasi chogʻida oʻzining musulmonlarga qarshi keskin chiqishlari bilan tanilgan.

Oʻsha paytda Oʻzbekistonning nomini ham alohida tilga olgan.

Oʻzbekistonni "ehtimoliy terrorchilar yetishtirib berayotgan davlatlar" safiga qoʻshgan.

Bu esa, oʻsha paytda turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida oʻzbekistonliklarning gʻazabnok munosabatlariga sabab boʻlgan.

Yangi xalqaro soʻrov esa, AQSh prezidenti va siyosatining dunyo boʻylab xush koʻrilmayotganiga dalolat qilgan.

"Pyu" tadqiqot markazi soʻroviga koʻra, Trampning prezidentligi odamlarning Amerikaga nisbatan qarashlarini jiddiy oʻzgartirib yuborgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq