HRW: Jahon Banki majburiy mehnatni moliyalayapti

Gʻoʻza yaganasiga majbur qilingan oʻzbekistonlik Image copyright Human Rights Watch

Human Rights Watch tashkiloti va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbek-German forumi eʼlon qilgan yangi hisobotda aytilishicha, Jahon Banki Oʻzbekistondagi majburiy va bolalar mehnati aralashgan yarim milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirmoqda.

115 sahifalik yangi hisobot "Biz paxta terishdan bosh tortolmaymiz: Jahon Bankining Oʻzbekistondagi sarmoyalari majburiy va bolalar mehnatiga bogʻlangan" deb nomlangan.

Hisobotda aytilishicha, Oʻzbekiston hukumati 2015- va 2016-yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumlarida paxta terishga, shuningdek, 2016-yil bahorida chigit ekish va yagana ishlariga talabalar, oʻqituvchilar, tibbiyot xodimlari, boshqa davlat tasarrufidagi idora va tashkilotlarning xizmatchilari, xususiy sektor ishchilari va baʼzan bolalarni ham majburlagan.

Agar paxta terish yoki yaganaga chiqishdan kimdir bosh tortsa, ishidan ajralishi, ijtimoiy nafaqalari toʻxtatilishi, talabalar esa oʻqishdan haydalishi bilan tahdid qilingan.

"Jahon Banki paxta sanoatidagi tahqirlovchi mehnat tizimini yashirishda Oʻzbekistonga yordamlashayapti", deb aytgan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbek-German forumi direktori Umida Niyozova. "Ushbu muammolar hal qilinmaguncha moliyalashni toʻxtatish bilan Jahon Banki Oʻzbekiston hukumati va potentsial sarmoyadorlarga bolalar va majburiy mehnatga bogʻliq tizimning tarkibiy qismi boʻlishni xohlamasligini aniq-tiniq bildirib qoʻymogʻi lozim".

Image copyright YELENA URLAYEVA

Hisobot mualliflari xabar qilishlaricha, yangi hujjat 257 intervyu, majburiy va bolalar mehnati qurbonlari bilan 700 suhbat, sizib chiqqan hukumat hujjatlari va davlat rasmiylarining bayonotlari asosida tayyorlangan.

Jahon Banki Oʻzbekiston dehqonchiligi bilan bogʻliq loyihalarida majburiy mehnatdan foydalanilishiga toqat qilmasligini aytgan.

Vaziyatni monitoring qilish uchun mustaqil tashkilot koʻmagiga tayanishini aytgan.

Ammo Human Rights Watch hisobotiga koʻra, Oʻzbekistonda majburiy mehnatdan foydalanilmasligini kuzatish uchun Xalqaro Mehnat tashkiloti jalb etilgan.

Xalqaro Mehnat tashkilotining kuzatuvchilari tashrif buyurgan dalalarda esa mehnatga jalb qilingan insonlar, fermerlar va boshqalar "repetitsiya qilinganlar", kuzatuvchilarga nima deb aytish, qaysi gaplarni gapirmaslik haqida koʻrsatma berilgan, shu yoʻl bilan haqiqiy vaziyat yashirilgan, deyishadi yangi hisobot mualliflari.

Majburiy mehnat holatlarini oʻrganishga qaror qilgan inson haqlari faollari tahqirlash, zoʻravonlik va qamoqqa tashlash tahdidlari bilan duch kelganlar.

Oʻzbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev islohotlarni vaʼda qildi va viloyatlarga tashriflari payti paxtadan voz kechilishi haqida aytmoqda.

Image copyright Qo'rqmaslar

Biroq Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbek-German forumi 2017 yilning aprel va may oylarida yangi majburiy mehnat holatlarini qayd etgan.

Xususan, Jizzax, Fargʻona, Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida oʻqituvchilar, tibbiyot muassasalari xodimlarining gʻoʻza yaganasi, qovoq va pomidor koʻchatlarini ekish, pilla terish, koʻcha va boshqa joylarni tozalashga, shanbaliklarga majburlanganlari xabar qilingan.

Shuni taʼkidlash joizki, bundan oldin majburiy mehnat mavzusi Oʻzbekiston ichkarisidagi ommaviy axborot vositalari uchun koʻtarib chiqish mumkin boʻlmagan mavzu hisoblanardi.

Oxirgi oylarda qator Internet nashrlari, bloggerlar oʻqituvchilarning oʻz kasb vazifalariga kirmaydigan tadbirlarni majburlanayotganlari haqida maqolalar eʼlon qildilar.

Davlat nazoratidagi "Oʻzbekiston" telekanalida oʻqituvchi va shifokorlarning koʻcha supurishga majburlanayotganlari tanqid qilingan koʻrsatuv namoyish etildi.

"Nima uchun oʻqituvchi koʻcha tozalashi kerak?" - videoni YouTubedagi kanalimizda tomosha qiling

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq