Yaman: "Vabo eng ojizlarni domiga tortmoqda..."
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Video - Yaman: "Vabo eng ojizlarni domiga tortmoqda..."

Yaman dunyodagi eng yomon vabo hollaridan aziyat chekmoqda. Mamlakatda qariyb 220 ming kishi ushbu suv ifloslanishi oqibatida tarqalgan ofat bilan xastalangan. Kasallikni jilovlash harakatlari boshlangan va hozir vaziyat oʻnglanayotgani aytiladi.

Video lavhalarimizni YouTube kanalimizda ham tomosha qiling.

Vabo jamiyatdagi eng kuchsizlarni domiga tortuvchi xastalik. U yoshu qarini ayab oʻtirmaydi. Vabo ofati Yaman boʻylab tarqalar ekan, urushlardan ezilgan mamlakat yana bir inqirozga bardosh berolmasligi oydinlashmoqda.

Poytaxtdagi mana bu shifoxonaga har kuni yuzlab yangi kasallar keltiriladi. Xonalar bemorlar va ularning qaygʻuga botgan yaqinlari yaqinlari bilan toʻlgan.

"Bu mening qizim. Besh kun boʻldi xastalanganiga... Shifokorlar boʻlmasa, bolamdan ayrilgan boʻlardim. Dunyo hamjamiyati bizga koʻproq dori darmon bersin".

"Onam toʻsatdan kasallandi. Xastalik alomatlari sezilishi bilan tibbiy yordamga soʻrash lozim. Vaziyat ogʻirlashmoqda. Kasalxonada joy qolmayapti".

Shifoxona tashqarisida qoʻshimcha joy tashkil qilish uchun chodir tikilmoqda.

Ammo bemorlar shu qadar koʻpki, ularni davolash uchun qayer lozim boʻlsa, oʻsha yerda yordam koʻrsatilmoqda.

Yamandagi sogʻliqni saqlash tizimi allaqachon jar yoqasida.

Mamlakat boʻylab tibbiyot markazlarining yarmi yopilgan.

"Ayni paytda biz har 1 daqiqada 4 nafargacha kasal qabul qilamiz. Xalqaro va mintaqaviy yordam tashkilotlari Yamanga yordamlarini kuchaytirishlariga koʻz tikyapmiz. Xastalik juda tez tarqalmoqda. Ammo markazimizda dori-darmon va jihozlar yetarli emas".

Nima uchun Yamanga koʻmak yetkazish bu qadar mushkul? Mamlakatda oʻnlab tashkilotlar bor. Ammo ular urushga bosh qoʻshgan tomonlar faoliyatlariga xalaqit berishidan shikoyat qilishadi.

Ustiga ustak vabo tarqalgan hududlarga qadam yetishining oʻzi mushkul. Yoqilgʻi tanqisligi, yoʻllar vayron etilgani asosiy toʻsiqlardan biri.

Vabo ofati poytaxtda ham yoyilishda davom etmoqda. Ammo qishloq hududlari eng koʻp jabr koʻrmoqda.

Bugunda 200 mingdan ortiq inson vabo yuqtirgani taxmin qilinadi. Tashqaridan yordam kelmasa, ushbu raqam ikki barobarga ortishi mumkinligidan xavotirlar mavjud.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • BBC Oʻzbek xizmatining videolarini www.bbcuzbek.com da ham koʻrishingiz mumkin.