IShIDchi oʻsmirning sirli hayotiga nazar

Moʻsul yaqinidagi daryo boʻyidan uch nafar IShID jangarisining jasadi topildi.

Ular juda yosh oʻspirinlar edi. Bittasining yonidan esa qoʻl telefoni chiqdi.

IShIDchi bola hayoti haqida lavhamizni ko`ring

IShID rahbarlaridan Abdurahmon O`zbekiy ol`dirildi

Undagi rasmlari IShIDchi bola va uning safdoshlari hayotiga nazar tashlashga imkon berardi.

IShIDchi bolaning qoʻl telefonidagi akslarga qaraganda, boshqa oʻspirinlar kabi u ham selfi olishni xush koʻrgan koʻrinadi.

Ammo jang qilganmi va yoki jabha ortidagi boshqa ishlar bilan shugʻullanganmi - nomaʼlum.

IShIDga qoʻshilishidan oldin u oddiy oʻspirin boʻlgan koʻrinadi.

Bir rasmda mehribon aka sifatida yosh singilchasi yoki jiyanini yoniga olib rasmga tushgan. Ammo bu uy qayerdaligi aniq emas.

Keyingi rasmlarida jangari sifatida akslanadi. Togʻ-toshlarda, avtomat osgan holda suratlarga tushgan.

Koʻrinishicha, u IShID safiga soʻnggi bir-ikki yil ichida qoʻshilgan.

IShIDdagi safdoshlari ham unga tengdosh yoki bir necha yosh katta boʻlishi mumkin.

Ammo koʻpchiligi soqol qoʻygan va qurolini koʻtarib, rasmga tushishni yaxshi koʻrganga oʻxshaydi.

Yangi qoʻshilgan jangarilarning hali soqoli oʻsib ulgurmagan.

Ularning kimligi va qaysi mamlakatdan kelganini ham bilib boʻlmaydi.

Ammo Moʻsulda qolgan soʻnggi IShIDchilar orasida oʻzbeklar koʻpligi koʻp bora aytilgandi.

Jangarilar koʻpincha oʻz yoshlarga mos tarzda, boshqa tengqur oʻspirinlar kabi turli muqom va qoʻl harakatlari bilan rasmga tushishgan.

Bu yoshga xos yana bir jihati - doʻstlik va birodarlik hissining kuchliligi. Aksariyati rasmda doʻstlari yelkasiga qoʻl tashlab, bir-birlariga yaqinliklarini urgʻulashgan.

Bolalarning koʻpi endi oʻldirilgan boʻlishi ehtimoli katta.

Telefon egasi boʻlgan bola jang orasida toblanib, mizg`imoqda.

Qaysidir oʻrtogʻi hazillashib, uxlab yotgan joyida suratga tushirgan, shekilli.

Ustida arabcha emas, balki Afgʻoniston va Pokistonda kiyiladigan kiyim.

Ammo bu uning qayerdanligini bildirmaydi. Balki issiqda bu kiyim qulaydir, balki biron doʻstinikini kiygandir.

Bir safdoshi yuzini yashirib tushgan. Suratga qarab, u qaysi chempionga havas qilgan boʻlsa, degan savol tugʻiladi.

Ayni aks IShID ishgʻol etgan Moʻsuldagi biron doʻkon yoki oshxona ichida olingan boʻlsa kerak.

Ular yashagan joyda oʻq-dori ishlab chiqilgan yashirin korxona ham boʻlgan. IShIDchi yoshlarning koʻpchiligi u yerda ishlagani taxmin etilmoqda.

Mujohidlar ortida oʻqlarning qoplamasi va koʻplab xomashyo qolgan. Oʻq ishlab chiqilgan uskuna ham oddiy koʻrinadi.

IShIDchi "qahramonimiz" oʻz doʻstlarini ham telefoniga suratga olishni xush koʻrgan.

Bolalar turli holat va joylarda tasvirlangan. Aftidan 20 yoshlar chamasidagi bir oʻrtogʻi navbatchilik payti yon tarafidan rasmga olingan.

Jangari yigitlar hatto dori qutisidagi bolakay rasmidan koʻzlarini oʻchirib tashlashgan.

Bu balki Islomda inson tasvirlanishi taqiqlangani uchunmi, desak, ularning oʻzlari har xil muqomda suratga tushganlar.

Yoki gʻayrimusulmon bolakay tasviri, degan xayolda uning koʻzlarini "oʻyib" olishganmikan?

Bu IShIDchi bola kim? Qayerlik? U nega IShID saflariga qoʻshilib qolgan? Savollar ochiq.

Uning aksar oʻrtoqlari haqida ham deyarli maʼlumotlar yoʻq.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq