Ayol kishining sigirchalik qadri yoʻqmi?

Hind ayoli Image copyright Sujatro Gosh

Bir qarashda "qoʻpol"dek koʻrinuvchi xuddi ana shu savol shu kunlarda, taʼbir joiz, internetni "portlatgan" yangi fotoloyiha asosida yotadi.

Loyiha muallifi Hindiston poytaxti dehlilik 23 yoshli fotograf Sujatro Gosh.

U hind ayolini sigir niqobida koʻrsatgani uchun allaqachon mahalliy internet-trollari tanqidlari ostida qolib ketgan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

"Men Hindistonda ayollar, hatto, sigirchalik koʻrilmasligidan tashvishdaman", - deydi u.

"Haq zoʻrlangan ayolnikidan koʻra hindular muqaddas sanovchi sigir uchun tezroq qaror topadi".

Sujatro Goshga koʻra, mamlakatidagi mavjud voqeʼlik bois ana shu loyihaga qoʻl urishga ahd qilgan.

Hindiston esa, aynan xotin-qizlarga qarshi zoʻravonliklar bois tez-tez matbuot nigohiga tushadi.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda har 15 daqiqada bir xotin-qiz zoʻrlanadi.

Sujatroning aytishicha, yangi loyihasi sigirlarni muhofaza etishga bel bogʻlagan guruhlarga qarshi qaratilgan.

2014 yilda oʻta oʻng qanot millatchi "Bxaratiya janata" partiyasining qudratga kelishi ortidan, Hindistonda bu kabi guruhlar faollashgan.

Oʻtgan ikki yil ichida aynan "sigirlar nomidan" kamida 10 kishi oʻldirilgan.

Mol goʻshti esa, Hindistonda musulmonlar, nasroniylar va dalitlar eng koʻp isteʼmol qiluvchi mahsulotlardan biri boʻladi.

Boshqaruvdagi partiyaga koʻra, sigir - muqaddas jonzot va muhofaza etilishi lozim.

Hindistonning qator shtatlarida sigirni soʻyish rasman maʼn qilingan.

Kimdir bu ishga qoʻl urgudek boʻlsa, 10 yilgacha qamalishi koʻzda tutilgan.

Hindiston parlamenti esa, endi buni oʻlim jazosiga aylantirish masalasini ham koʻrib chiqmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02