Mirziyoyev Komsomolni tiklamoqdami?

Komsomol 1991 yili Yoshlar ittifoqi deya oʻzbekchalashtirilgandi Image copyright bosonogoe.ru
Image caption Komsomol 1991 yili Yoshlar ittifoqi deya oʻzbekchalashtirilgandi

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi davlat tashkilotiga aylantirildi. Shu bilan Oʻzbekistonda Shoʻro davlatining soʻnggi yillarida amal qilgan tashkilot nomi rasman qayta tiklandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida oʻtgan "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati qurultoyida tashkilot tugatilgan va uning oʻrniga Yoshlar ittifoqi davlat tashkiloti tashkil etilgan.

BBC bilan gaplashgan "Kamolot" masʼullaridan biri harakat oʻrniga tashkil topayotgan davlat tashkiloti toʻliq byudjetdan moliyalashtirilishini maʼlum qildi.

Shu vaqtgacha "Kamolot" oʻzaro qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi shartnomalar asosida kichik biznes korxonalari (savdo korxonalaridan tashqari) tomonidan hisoblangan yagona soliq toʻlovi summasining 8 foizini majburiy ravishda olish evaziga faoliyat yuritib kelgan.

Harakatning davlat tashkilotiga aylantirilishi borasida Xalqaro press klubda 1 iyul kuni matbuot anjumanida batafsil xabar berilishi aytilmoqda.

Yoshlar ittifoqida Oʻzbekiston hali SSSR tarkibida boʻlgan 1991 yili tashkil topgan va 1996 yilgacha amal qilgan. 1996 yil aprel oyida Prezident Islom Karimov farmoni bilan "Kamolot" jamgʻarmasi tuzilgan.

"Kamolot" jamgʻarmasi 2001 yilda yoshlar ijtimoiy harakatiga aylantirilgandi.

1991 yili Oʻzbekiston SSR Lenin komsomol yoshlar ittifoqi "Lenin" va "komsomol" soʻzlaridan holi boʻlib Yoshlar ittifoqi nomini olgan edi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq