Tojikistonda oxirgi oʻzbekcha shahar nomi ham oʻzgaradami?

Image caption Tojiklar va oʻzbeklar azaldan birga yashab kelishgan

Qoʻrgʻontepa shahri Tojikiston xaritasidan yoʻqolib ketishi mumkin.

Tojikistondagi Asia-Plus xuddi ana shunday xabar bilan chiqdi.

Maqolada aytilishicha, Xatlon viloyati rahbariyati shahar nomini almashtirish tashubbus bilan chiqqan.

Taklifni esa Tojikiston hukumati koʻrib chiqadi va maʼqullansa, mamlakatning Majlisi Milliy va Majlisi Oliysiga tasdiqlash uchun joʻnatiladi.

Qoʻrgʻontepa Xatlon viloyati markazi sanaladi. Shahar Dushanbedan 100 chaqirimcha janubda joylashgan.

Shahar oʻta qadimiy boʻlib, hatto Kushonlar davrida tashkil topgani haqida farazlar bor.

Ayni paytda, Qoʻrgʻontpea - oʻzbeklar zich yashaydigan va hamon oʻzbekcha atalayotgan Tojikistondagi oxirgi yirik shahardir.

Ammo internetda fikr bildirgan koʻplab tojikistonliklar bu taklifga qarshi fikr bildirishgan.

"Asrlar davomida oʻzgarmagan nomlarni endi geniylar kelib, barcha muammolarni hal qilishibdi, faqat joy nomlarini oʻzgatirish qolibdi" - norozi ohangda yozadi Alisha laqabli oʻquvchi.

"Un, yogʻ yoki shakar narxini tushirish bilan shugʻullanishsa boʻlardi" - fikr bildiradi Zulayho ismli tojikistonlik - "Qiziq, bu muammolar bilan ham kimdir shugʻullanayaptimi?"

Tojikchadan boshqa atama mumkin emasmi?

Tojikiston mustaqillikning ilk yillari boshqa qoʻshnilari kabi sovetcha atamalardan voz kecha boshladi.

Masalan, Leninobod bekor qilindi va shaharning tarixiy Xoʻjand nomi qayta tiklandi.

Ammo soʻnggi yillari turkiy, yaʼni oʻzbekcha atamalar ham olib tashlanmoqda.

Masalan, oʻzbekcha atalgan Buloq, Qamishqoʻrgʻon kabi oʻnlab qishloqlar nomi almashtirildi.

Oʻzbekcha shaharlar - Oʻratepa Istarafshan, Qayroqqum esa Guliston boʻldi.

Bir necha yil oldinroq Qorategin darasi Rashtga almashtirilgandi.

Oxirgi yillari esa hatto tojik millatiga mansublarga xorijiy ismlar taqiqlanib, bolasi nomiga oʻzbekcha -qul yoki -xon qoʻshiimchasini qoʻshish ham maʼn etildi.

Tojikistonda oʻzbeklar, Oʻzbekistonda esa tojiklar tarixan yonma-yon va doʻst-birodar boʻlib, birga yashab kelishadi.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq