General Abdulrashid Doʻstum nima qilmoqchi?

Doʻstum Image copyright facebook

Turkiyadan olingan xabarlarga koʻra, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti Anqarada ekan, yangi siyosiy ittifoq tuzgan.

Afgʻonistondagi yirik muxolif "Islomiy Jamiyat" partiyasi ijroiy raisi Muhammad Ato Nur ham unga bosh qoʻshgan.

Balx viloyatining qudratli hokimidan tashqari, yana Afgʻoniston ijroiy raisi doktor Abdulla Abdulla muovini-da bu ittifoqqa kirgan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Uchovlon bu xususda qoʻshma bayonot ham eʼlon qilishgan. Tez orada poytaxt Kobulda yigʻin uyushtirib, amaldagi tuzum qulashining oldini olmoqchi ekanliklarini aytishgan.

Hech kimdan hech bir imtiyoz kutmasliklari, oʻz qonuniy haqlarini talab qilishlarini aytishgan.

Bundan avval ham Afgʻoniston ijroiy raisi, ham birinchi vitse-prezidenti va ham "Islomiy Jamiyat" rahbariyati prezident Gʻaniyga qator talablar bilan chiqishgan.

Undan mamlakatdagi harbiy va noharbiy tizimlarni isloh etishni soʻrashgan.

Qudratni mamlakat Bosh qonuniga muvofiq taqsimlashni talab qilishgan.

Qavmparastlik hollariga chek qoʻyilishini soʻrashgan.

"Islomiy Jamiyat" muxolif partiyasining raisi Afgʻoniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy boʻladi.

Afgʻoniston ijroiy raisi doktor Abdulla Abdulla esa, ayni shu partiyaning nufuzli aʼzolaridan biri sanaladi.

Prezident saroyi ham oʻz javobini uzoq kuttirib oʻtirmagan.

Afgʻonistonning yutuq va kamchiliklariga hukumatning aʼzolari sifatida bu uchovlon ham masʼul ekanini aytgan.

Mamlakat milliy manfaatlariga zid boʻlmagan ijobiy qadamlarga qarshi emasliklarini taʼkidlagan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti bir necha haftadan buyon Turkiyada tibbiy tekshiruvda ekani aytiladi.

19 may kuni shu yil boshidan buyon tan qoʻriqchilari siyosiy muxolifi Ahmad Ishchining jinsiy va jismoniy zoʻravonlikka oid iddaolari bilan bogʻliq jinoiy ish markazida qolayotgan generalning Anqaraga joʻnab ketganiga oid xabarlar olingan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining ayni shu jinoiy ish manzarasida kuzatilgan kutilmagan safari uning Turkiyaga oʻz ixtiyori bilan muhojiratga yuz tutgan boʻlishi mumkinligiga oid talqinlarga ham sabab boʻlmay qolmagan.

Ammo partiyasi voizi ortidan, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham, general Abdulrashid Doʻstum Anqaraga odatiy tibbiy tekshiruvdan oʻtish va dam olish uchun kelganini aytib chiqqan.

Vazirlik Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining oʻzi istagan paytda bemalol ortga qaytishi mumkinligini bayon qilgandi.

Xabarlarga koʻra, yangi siyosiy ittifoq general Doʻstum toʻngʻich oʻgʻlining unashuv marosimi tegrasida amalga oshirilgan ish boʻlgan.

Shaxsiy shifokori va maslahatchisi yaqinda BBC Oʻzbek Xizmatiga bergan suhbatida barcha tekshiruv natijalari ijobiy chiqqani, ana shu marosim ortidan birinchi vitse-prezidentning Afgʻonistonga qaytishini bildirgandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02