Jizzaxlik tadbirkor 22 yoshida vazir oʻrinbosari boʻldi

Qurultoyda "Kamolot" tugatilgan va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan Image copyright uza.uz
Image caption Qurultoyda "Kamolot" tugatilgan va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan

22 yoshli Alisher Saʼdullayev "Kamolot" qurultoyida Prezident Mirziyoyev nazariga tushgach, Xalq taʼlim vaziri oʻrinbosarligiga tayinlangan. Tadbirkor Alisher Saʼdullayev qurultoyda soʻz olgan va u tomonidan yangragan takliflar Prezidentga maʼqul kelgan.

1994 yil 11 iyulda tugʻilgan Saʼdullayev 23 yoshga toʻlishiga 10 kun qolganda mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba eng yosh vazir oʻrinbosari lavozimiga oʻtirgan.

Qalampir.uz saytining xabar berishicha, Alisher Saʼdullayevni Mirziyoyevning oʻzi qurultoyda tajriba tariqasida vazir oʻrinbosari etib tayinlagan.

Bunday qilinishiga Alisher Saʼdullayev tomonidan yoshlarga til oʻrgatish istiqbollari haqida Prezidentga bergan takliflari sabab boʻlgani aytilmoqda.

Kun.uzning yozishicha, 1 iyul kuni Xalq taʼlimi vaziri Ulugʻbek Inoyatov Alisher Saʼdullayevni vazirlik jamoasiga oʻzining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari sifatida tanishtirgan.

BBC Xalq taʼlimi vazirligi bilan bogʻlanganida ushbu xabar tasdiqlandi. Vazirlik xodimi 22 yoshli yigit vazir oʻrinbosari boʻlganligini aytdi.

Shu vaqtgacha Xalq taʼlimi vazirining ikki oʻrinbosari bor edi.

Alisher Saʼdullayev Jizzax tumanida tugʻilgan. Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan, keyinroq Buyuk Britaniyada tahsil olgani yozilmoqda.

OʻzA Alisherning Result oʻquv markazi rahbari sifatida tanishtirgan. Oʻquv markaz asosan yoshlarga til oʻrgatish bilan shugʻullanadi. Gʻarb mamlakatlariga oʻqishga kirish uchun olinadigan IELTS imtixonlariga yoshlarni tayyorlaydi.

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining qurultoyi 30 iyun kuni boʻlib oʻtgan. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlagan. Harakat tugatilib uning oʻrniga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq