General Doʻstum toʻngʻich oʻgʻli Botirni unashtirdi

Botir Doʻstum Image copyright facebook

Botir Doʻstum va Beliz Choʻloqlarni unashtirish marosimi Anqaradagi hashamatli mehmonxonalarning birida boʻlib oʻtgan.

Shanba kungi marosimda 250 ga yaqin mehmon hozir boʻlgan. Unga Afgʻoniston Tashqi ishlar vaziri, ijroiy raisi ikkinchi muovini va Balxning qudratli hokimi ham tashrif buyurishgan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligidan ham qator yuqori martabali vakillari koʻzga tashlanishgan.

BBC manbalariga koʻra, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining toʻngʻich oʻgʻli turkiyalik yuqori martabali generalning qiziga unashilgan.

General-polkovnik Levent Choʻloq muayyan muddat ISAF kuchlarining Kobuldagi boʻlinmasiga qoʻmondonlik ham qilgan.

Botir Doʻstum va Beliz Choʻloq Turkiyaning Gʻozi universitetida birga tahsil olishgan, xalqaro huquqni oʻrganishgan.

30 yoshli Botir Doʻstum Afgʻoniston "Milliy Islomiy Uygʻonish" partiyasi markaziy kengashi raisi boʻladi.

Bundan tashqari, otasi Abdulrashid Doʻstum nomidagi jamgʻarmaga boshchilik qiladi, Batur TV xususiy kanali sohibi ham sanaladi.

Botir Doʻstum Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti oilasidagi toʻrt oʻgʻilning toʻngʻichi boʻladi.

General Abdulrashid Doʻstum besh qiz va toʻrt oʻgʻilning otasi boʻladi.

Xabarlarga koʻra, ikki yoshning nikoh toʻyi kelasi yillarga rejalanmoqda.

Ayon boʻlishicha, butun Afgʻoniston boʻylab Ramazon oyida yuz bergan qator qonli hujumlar sabab, Anqaradagi unashtirish marosimini tor doirada oʻtkazishga qaror qilingan.

Ayni shu marosim tegrasida Afgʻonistondagi uch yirik: "Milliy Islomiy Uygʻonish", "Islomiy Jamiyat" va "Milliy Vahdat" partiyalari yangi siyosiy ittifoqqa asos solishgan.

Shu ittifoq vositasida oʻzlari ham aʼzosi boʻlgan milliy birdamlik hukumatini qulashdan asrab qolish maqsadida ekanliklarini bildirishgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02