Rossiya va Oʻzbekiston qoʻshma harbiy mashqlar oʻtkazadi

Rossiya va Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Image copyright Patto
Image caption Qoʻshma mashqlar borasida Toshkentda yakuniga yetgan muzokaralar chogʻida kelishilgan

Rossiya va Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari soʻnggi 12 yilda ilk qoʻshma harbiy oʻquv mashqlarini oʻtkazishga tayyorlanmoqda.

Videoni You Tube kanalimizda tomosha qiling.

Rossiya mudofaa vazirligiga koʻra, mashqlar 2017 yilning oktyabrida Oʻzbekistonning Forish poligonida oʻtkaziladi.

Bu haqdagi kelishuvga Toshkentda ikki davlat mudofaa vazirliklari hayʼatlarining muzokaralari chogʻida erishilgan.

Unda Rossiya tomonidan Markaziy harbiy okrug qismlari ishtirok etishi aytilgan.

Qoʻshma harbiy mashqlarning stsenariysi haqida maʼlumot yoʻq.

Shu yil boshida Rossiya harbiylari Tojikistonda yirik "Dushanbe-aksilterror" harbiy-oʻquv mashqlarini oʻtkazgandi.

Unda birinchi marta Rossiyaning "Iskander-M" raketa komplekslari qatnashgan.

Mashqlarda harbiylar telemarkaz binosini "terrorchilardan va garovga olingan insonlarni ozod qilish"ni oʻrganadilar.

Shuningdek, Afgʻoniston chegarasidan oʻtib Tojikiston hududiga oʻtgan jangarilarni "yoʻq qilish" vazifasi qoʻyilgan.

Tojikistonning togʻli mintaqasidagi "terrorchilar jamlogʻini "Iskander-M" raketasini otib yoʻq qilish" ham moʻljallangan.

"Iskander-M" Rossiyaning operativ taktik raketa majmuasi boʻlib, u bir minutda ikki nishonni hujumga tutishga qodir.

Bu raketa 500 kilometr uzoqlikdagi nishonni yoʻq qiloladi.

"Iskander-M"ning tezligi soatiga 700-800 kilometrgacha yetishi mumkin, bu raketani radar vositasida tutib olish qiyin.

Bundan oldin "Iskander-M" raketalari Rossiyadan tashqariga chiqarilmagan.

Bu raketaning Afgʻonistonga qoʻshni boʻlgan Tojikistonga olib chiqilishi Gʻarb matbuotida xavotir bilan qarshi olingan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02