Rossiya: Bu yil Moskvada "yoz boʻlmaydi"mi?

Moskva Image copyright Reuters

Bunday bashorat bilan "Fobos" ob-havoni kuzatish markazining yetakchi xodimi chiqqan.

Yevgeniy Tishkovetsning RT kanaliga bergan suhbatida aytishicha, moskvaliklar bu yil jazirama yozga umid qilishmasa ham boʻladi.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

"Menimcha, Markaziy Rossiyada ortiq yoz boʻlmaydi. 25-30 daraja issiq boʻlishiga oid biror bir nekbin bashorat yoʻq".

"Faqat biroz issiq boʻlishi mumkin. Yoz uzuq-yuluq boʻladi. Bu kabi havoda, hatto, choʻmilish mavsumini ochishimizga ham koʻzim yetmaydi".

"Faqat dovyuraklargina bundan mustasno boʻlishlari mumkin", - deb aytgan Yevgeniy Tishkovets.

Oʻtgan juma kuni Moskva shahri va Podmoskoveda yoz oylarida mutlaq gʻayriodatiy boʻlgan tabiiy ofat kuzatilgan.

Kutilmaganda turgan kuchli shamol, shiddatli yomgʻir va doʻllar mahalliy aholini shoshirib qoʻygan.

Hodisada bir necha kishining qurbon boʻlib, yana bir qanchasining yaralanganiga oid xabarlar ham olingan.

Qurbonlarning Markaziy Osiyo fuqarolari ekanliklari ham aytilgandi.

Xabarlarga koʻra, 30 iyun kuni qariyb bir oylik miqdoridagi yogʻin yogʻib bergan.

Mutaxassislarga koʻra, Moskvada oʻtgan 14 yil mobaynida bunaqa sovuq iyun kuzatilmagan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02