Ozodbek Nazarbekov "Yoshlar" telekanalida "katta oʻzgarishlar" vaʼda qilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Image copyright courtesy

"Yoshlar" telekanali yangi rahbarining bu vaʼdasi Xalqaro press-klubning yoshlar siyosatiga bagʻishlangan soʻnggi anjumanida yangragan.

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artistiga koʻra, "bu oʻzgarishlar juda tez boʻladi".

Xabarlarga koʻra, xonanda rahbarligidagi telekanalda qanday oʻzgarishlar boʻlishiga oid savol 3 iyul kungi tadbirning eng kutilgan va qiziqarli lahzalaridan biri boʻlgan.

Mirziyoyev Ozodbek borasida qovun tushirdimi?

Ozodbek Nazarbekov: Davlat tashkiloti bazmida tekin xizmat qilmaylik

"Ancha yillardan beri, sanʼatning qaysi yoʻnalishi boʻlishidan qatʼinazar, sohadagi kamchilik va yutuqlarni oʻzim tabiiy ravishda, ehtimol kasb taqozosi bilan, beixtiyor kuzatib kelaman".

"Yoshlar" telekanalini juda katta oʻzgarishlar kutyapti. Juda ham katta oʻzgarishlar! Buni yaqin kunlarda muxlislar seza boshlaydi", - deb aytgan Ozodbek Nazarbekov.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Kamolot"ning 31 iyul kungi qurultoyida, "ertadan boshlab, "Yoshlar" kanaliga xonanda Ozodbek Nazarbekovning direktor etib tayinlanishi"ni aytgan.

Biroq prezidentning oldindan tayyorlangan maʼruzasi ushbu gaplarning ziddini koʻrsatgan.

BBCning ushbu xabarni tasdiqlatish borasidagi harakatlaridan maʼlum boʻlishicha, Mirziyoyevning ushbu taklifi biroz shoshilgan holatda va maʼruza matniga zid tarzda aytilgan boʻlishi mumkin.

Prezident nutqini chop qilgan OʻzA maqolasida Ozodbek Nazarbekovning direktor etib tayinlangani borasida jumla yoʻq. Aksincha ushbu jarayon kamida bir oy vaqt olishini va uni Prezident emas balki yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tayinlashini koʻrish mumkin.

Xonanda Ozodbek Nazarbekovning "Yoshlar" telekanaliga rahbar etib tayinlanganiga oid bu xabar internetdagi xabar saytlarida juda tez tarqalgan.

Turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida oʻzbekistonlik koʻplab internet foydalanuvchilarining qizgʻin bahsu munozaralariga sabab boʻlgan.

Bu tayinlovga oʻzbekistonlik ayrim yetakchi ziyoli, shoir va jurnalistlar ham oʻzlarining keskin munosabatlarini bildirishgan.

"...TV otarchilar qoʻlida. Matbuot otarchilar qoʻlida! Ilohim, otarchilar tezroq oʻtarchi boʻlsin!", - deb yozgandi Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron.

daryo.uz internet nashri xabariga koʻra, Ozodbek Nazarbekov yigʻin chogʻida oʻzining tayinloviga oid tanqidlarga ham ilk bor oʻz munosabatini bildirib oʻtgan.

"22 yoshli Alisher Saʼdullayevning vazir oʻrinbosari etib tayinlanishi voqeasi kabi, men haqimda ham: "Buning televideniyega nima aloqasi bor?", degan gaplar boʻlyapti. Tosh otish - eng oson ish. Tosh otish uchun u odam haqida hech narsa bilmaslikning oʻzi yetadi".

"Yoshlar" telekanaliga rahbarlikka tayinlanishim men uchun kutilmagan taklif boʻldi, shunday boʻlsa-da, kuzatishlarim davomida oʻylab qoʻygan maʼlum bir rejalarim, fikrlarim, loyihalarim bor edi. Telekanaldagi oʻzgarishlar sekin-sekin emas, juda tez boʻladi", - deya bayon qilgan Ozodbek Nazarbekov.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq