Shoir, jurnalist va jamoat arbobi Nasriddin Muhammadiyev vafot etdi

Nasriddin Muhammadiyevning intervyu berayotgan fotosurati Image copyright nosirmuhammad.uz

Taniqli jurnalist, shoir va jamoat arbobi Nasriddin Muhammadiyev - Nosir Muhammad 71 yoshida olamdan oʻtgan.

Aksar oʻzbekistonliklar Nasriddin Muhammadiyevni siyosiy sharhlovchi sifatida eslaydilar.

1980-yillarda Oʻzbekiston televideniyesida xalqaro voqealarga bagʻishlangan koʻrsatuvlar muntazam namoyish etilar, Nasriddin akani koʻpchilik oʻsha koʻrsatuvlardagi chiqishlari orqali ilk bor tanigan edilar.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin TASS-UzTAG axborot agentligi mamlakatning asosiy davlat axborot agentligiga aylantirildi, Nasriddin Muhammadiyev Oʻzbekiston Milliy Axborot agentligini shaklantirish yillarida Xalqaro axborot tahririyatiga rahbarlik qildi.

Oʻsha yillari koʻplab yosh jurnalistlar, ijodkorlar undan xalqaro voqea-hodisalarni oʻzbekistonlik mushtariylarga yetkazish, davlat rahbarlarining xorijiy mamlakatlarga safarlarini yoritish sirlarini oʻrgandilar.

Koʻpchilik Nasriddin akani doimo jilmayib turadigan, xushmuomala inson sifatida eslaydilar.

Image copyright nosirmuhammad.uz

Shoir va jurnalist, Xalqaro "Oltin meros" xayriya jamoat fondi raisi Amirqul Karimov oʻzining Facebookdagi sahifasida shunday deb yozdi: U kishini tanigan kishilar barcha bilan birdek samimiy munosabat qilgani uchun "dushmani yoʻq odam" deyishardi.

Nasriddin Muhammadiyev 1994 yili Tashqi ishlar vazirligiga ishga oʻtdi. Dastlab Matbuot xizmatida, keyinchalik "Jahon" axborot agentligida faoliyat olib bordi.

1996-99 yillari Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasida ishladi.

1999-2005 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining yetakchi konsultanti boʻlib ishladi.

Nasriddin aka 2005 yildan buyon Respublika Baynalmilal madaniyat markazini boshqarib kelayotgan edi.

Nosir Muhammad taxallusi bilan 30 ga yaqin kitoblari nashr etilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati Nasriddin akaning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya izhor qiladi.
  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq