"Human Rights Watch Oʻzbekistonga qaytishi mumkin"

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Image copyright International Press Club

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentdagi Xalqaro Press-klubdagi muloqot payti inson huquqlarini himoya qilish Human Rights Watch va boshqa nohukumat notijorat tashkilotlar Oʻzbekistondagi faoliyatlarini qayta boshlashlari mumkinligini aytgan.

Janob Komilov soʻzlariga koʻra, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Oʻzbekistonga qaytishlari mumkin, bu borada hech qanday cheklov yoʻq.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov yaqinda Human Rights Watch rahbari Kennet Rosdan maktub olganini, bu maktubda tashkilot tadqiqotchilarining Oʻzbekistonga kelishlariga ruxsat soʻralganini aytdi.

"Biz bu guruhni qabul qilishga tayyormiz", deb aytdi Tashqi ishlar vaziri Komilov.

Bundan oldin Human Rights Watch Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgan, tashkilotning Oʻzbekistonga qaytishiga izn berilishini soʻragan edi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Xalqaro Press-klubda muloqot qilishi haqida oldindan xabar qilingan va BBC Oʻzbek xizmati ham quyidagi savolni vazir janoblariga yoʻllagan edi:

2005 yilda Oʻzbekistondan chiqarib yuborilgan gʻarbning nohukumat tashkilotlarining qaytishiga ruxsat beriladimi?

"Ammo, mazkur tashkilotlar bir narsani toʻgʻri tushunishlari kerakki, Oʻzbekiston hukumati bilan amaliy, oʻzaro bir-birini hurmat qilib, Oʻzbekiston ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilgan holda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishlari maqsadga muvofiq boʻladi", deb aytgan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov.

Bir necha soat davom etgan muloqot chogʻi janob Komilov va boshqa mutasaddi rahbarlar koʻplab savollarga javob qaytarganlar.

"Human Rights Watch" Mirziyoyevga maktub yo'lladi

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq