IShID qoʻmondonining oʻgʻli 10 yilga kesildi

Gulmurod Halimov Image copyright Twitter
Image caption Gulmurod Halimov

Tojikiston Ichki ishlar vazirining sobiq polkovnigi, keyinroq IShIDning qoʻmondonlaridan biriga aylangan Gulmurod Halimovning oʻgʻli Dushanbe shahar mahkamasi tomonidan 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Bu haqda Tojikistonning Aziya Plyus agentligi xabar qilmoqda.

Behruz Halimov 18 yoshda va 10 yilni qattiq tartibdagi koloniyada oʻtkazadi.

Internetda Tojik polkovnigi fotosurati tarqaldi

Halimovning xotini Suriyaga ketgan

Interpol roʻyxatida

Uning otasi Gulmurod Halimov bundan ikki yil avval Tojikistonni tark etgan va Yaqin Sharqda IShID saflariga qoʻshilgan edi.

Mahkamada Behruz Halimov oʻz otasining tanishlari bilan ijtimoiy tarmoqlarda aloqada boʻlgani va Iroq yoki Suriyaga jihod uchun safar qilish niyatidaligi daʼvo qilingan.

Mahkamaga koʻra, Halimov uning yaqinlari hukm ustidan shikoyat qilishmagan.

Behruz Halimov oʻtgan yili Varzob tumanida oʻrta maktabni tugatgan va mayda tijorat bilan shugʻullanayotgan boʻlgan.

Gulmurod Halimovning qarindoshlari oʻldirildi

Image copyright Screenshot
Image caption Halimov IShID targʻibot videosida

Tojikiston Ichki ishlar vazirligiga koʻra, Voseʼ tumanini Ibrati qishlogʻida Gulmurod Halimovning qarindoshlari bilan otishma roʻy bergan.

Vazirlik boshqa tafsilotlarni oshkor etmagan, ammo qator matbuot xabarlarida Halimovning toʻrt qarindoshi oʻldirilgani aytilmoqda, deb yozadi Aziya Plyus agentligi.

Muqaddam Gulmurod Halimovning yaralangani va oʻlgani haqidagi xabarlar ham tarqalgan.

U Tojik hukumatini musulmonlarni yomonotliq qilish va taʼqibda ayblab, huquqni himoya qilish idoralari xodimlari va mehnat muhojirlarini oʻzidan oʻrnak olib IShIDga qoʻshilishga chaqirgan.

Gulmurod Halimovning ikkinchi xotini Humayro Mirova voyaga yetmagan toʻrt farzandini olib Tojikistondan qochib chiqib erining oldiga yetib olgani haqidagi xabarlar 2016 yil fevralida tarqaldi.

Tojikistonda 43 yoshli Humayro Mirova ustidan "qurolli mojaroda ishtirok etish va odam yollash" bandi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Suriyaga qochgan polkovnikning birinchi oilasi va sakkiz farzandi uning ota-onasi bilan Tojikistonning Varzob tumanidagi qishloqda yashaydi.

Tojikiston maxsus qoʻshinlari qoʻmondoni boʻlgani paytida Gulmurod Halimov AQShda maxsus tayyorgarlikdan ham oʻtgan.

Shu sababli AQSh Gulmurod Halimovning qayerdaligini aniqlashga yordam beradigan maʼlumot uchun 3 million dollar mukofot puli eʼlon qilgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq