Oʻzbekiston banklar dollarni yuridik shaxslarga "qora bozor" kursida sotishni boshladilar

Xorijiy valyutalar Image copyright Reuters

Oʻzbekistondagi tijorat banklari yuridik shaxslarga erkin bozor kursida xorijiy valyutani sotishni boshlaganlar.

Hozircha banklar jismoniy shaxslarga dollar sotishmayapti va oddiy odamlardan xorijiy valyutasini sotib olayotganlari yoʻq.

Mahalliy jurnalistlarning xabar qilishicha, shu yilning 30-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekistonda valyuta oldi-sotdisiga bagʻishlangan nizomga oʻzgartirish kiritgan.

Konvertatsiya ochilsa 1 dollar 10 ming soʻm boʻladimi?

Konvertatsiya ochilsa, ishsizlik va inflyatsiya koʻpayadimi?

"Xizmatlar narxi goʻsht qiymatida belgilansin"

Tijorat banklariga hukumatning "Birjadan tashqari valyuta bozorida xorijiy valyutani xarid qilish va sotish operatsiyalarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida"gi Nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi qarori kelib tushgan.

Oʻzbekistonlik jurnalistlar ushbu hujjatning keng ommaga moʻljallanmagan boʻlsa-da, banklar ijrosi uchun majburiy qimmatga ega ekanligini urgʻulamoqdalar.

Valyuta oldi-sotdisi nizomida bundan oldin dollar kursi Markaziy Bank eʼlon qilgan soʻnggi kursga bogʻliq boʻlishi belgilab qoʻyilgan edi.

"Birjadan tashqari valyuta bozoridagi operatsiyalar soʻnggi banklararo savdo sessiyasida xorijiy valyutaga boʻlgan talab va taklif asosida shakllanadigan erkin kurs boʻyicha amalga oshiriladi", deb yozib qoʻyilgandi oldingi nizomda.

Endi birjadan tashqari valyuta bozoridagi operatsiyalar banklar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida bozor kursi boʻyicha amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.

Dollar yoki Yevro sotib olmoqchi boʻlgan jismoniy shaxslarga konversion kartalardan foydalanish maslahati berilmoqda.

Oʻzbekiston Markaziy Banki hozircha "qora bozor"ni yoʻqotish yoʻlidagi ilk qadamlar borasida sharh bermayapti.

BBC Markaziy Bank Matbuot xizmatiga bogʻlandi, matbuot xizmatida banklarga yuridik shaxslarga dollar sotish yoki sotib olishga ruxsat berilgani haqidagi hujjatga ega emasliklarini aytishdi.

7-iyul kuni Toshkentda dollarfurushlar 1 AQSh dollarini 8450 soʻmdan xarid qilib olganlar, 8470 sotganlar.

Markaziy Bank kursi 3986 soʻm 55 tiyin etib belgilangan.

Sizda bu borada qanday maʼlumotlar bor?

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq