Qozogʻistonni kesib oʻtuvchi yoʻl va chegara nuqtasi ochildi

yoʻl Image copyright Inform.kz

Janubiy Qozogʻiston viloyatida xalqaro ahamiyatga ega Toshkent-Termez M-39 yoʻlining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari "Sirdaryo" chegara oʻtish nuqtasi ham ochilgan. Bu haqda Janubiy Qozogʻiston viloyati hokimiyati matbuot xizmati xabar bergan.

Trassaning qayta ochilishi Jizzax, Samarqand tomondan poytaxt Toshkentga keluvchilar va ketuvchilarning yoʻlini qisqartirishi aytilmoqda.

Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi "Sirdaryo" chegara oʻtish nuqtasidan esa bir kunda 200 avtomobil va 5 ming odam oʻtishi rejalanmoqda.

Ochilish marosimida ikki davlatdan rasmiylar ishtirok etgan.

Qozogʻistonni kesib oʻtuvchi yoʻl ochilishi mumkin

Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan chegarani qisman yopdi

Ikki qoʻshni Rossiya va Xitoy bozorini egallamoqchi

Oʻzbekiston va Qozogʻiston qoʻshma avtomobil ishlab chiqarishi mumkin

Mirziyoyev Janubiy Qozogʻistonga bordi

Janubiy Qozogʻiston viloyat hokimi Janseit Tuymebayev ushbu yoʻl ikki xalq oʻrtasida "oltin koʻprik" boʻlishiga ishonch bildirgan.

"2006 yili yopilgan yoʻlning qayta ochilishi ikki davlat Prezidenti oʻrtasidagi kelishuvning natijasi boʻldi. Yaqin aqloqalarning mustahkamlanishi mintaqalarning rivojlanishi uchun katta turtki boʻldi. Bunga Oʻzbekistonda oʻtkazilgan biznes forum va toshkentlik ishlab chiqaruvchilarning Chimkentdagi yarmarkasi dalil boʻla oladi", - degan Janseit Tuymebayev.

Toshkent va gʻarb viloyatlarini tutashtiriyu turuvchi M-39 trassasi Qozogʻistonning Maqtaaral tumani hududidan oʻtgan. Qozogʻiston ichidan oʻtuvchi hudud 24.1 chaqirimni tashkil qiladi.

Yoʻl Prezident Islom Karimov tomonidan amalda 2000 yillarning boshida yopilgandi. Rasman 2006 yili yopilgani aytiladi.

Yoʻlning qayta ochilishi 43 chaqirim masofani qisqartirishi mumkin.

Gazeta.uz nashri hukumatdagi manbasiga tayanib yozishicha, 26 aprel kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoʻlni ochish toʻgʻrisida maxsus qaror chiqargan. Oʻzbek-qozoq chegarasidagi "Oq oltin" va "Malik" avtoyoʻl oʻtish nuqtalari 15 maydan ochilishi koʻrsatilgan.

Xabarda aytilishicha, Toshkent va Samarqandni qisqa yoʻl bilan bogʻlovchi ushbu oʻtish nuqtasi faqat yengil avtomobillar uchun ochiq boʻladi. Undan yuklar va savdo maqsadidagi tovarlar oʻtkazilmaydi.

Janubiy Qozogʻistonning Maqtaaral tumani hududidan toʻxtovsiz tranzit maqsadida oʻtuvchi Oʻzbekiston fuqarolari yengillashtirilgan tartibda - chegarachilarning muhri qoʻyilmasdan oʻtadi.

Bu yoʻldan oʻtuvchilarning pasportlari tekshirilishi aytilmoqda.

Qozogʻiston tomoniga tranzit boʻlmagan maqsadda yoʻnalgan Oʻzbekiston fuqarolari va Qozogʻiston fuqarolari uchun qonunchilikdagi mavjud tartiblar boʻyicha odatdagidek oʻtkaziladi.

Bu ikki oʻtish nuqtasidagi bojxona nazorati ham yengillashtirilgan tartibda boʻlishi aytilmoqda. Bojxona deklaratsiyalari toʻldirilmaydi, transport vositasi bojxona nazoratidan va roʻyxatdan oʻtmaydi, lekin majburiy koʻz nazoratidan oʻtkaziladi.

Chegarani kesib oʻtayotgan fuqarolar Bojxona qonunlarida koʻrsatilgan talablarni bajarishdan ozod qilinmasligi aytilmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq