Dijey afgʻon qizi: "yaxshi qiz boʻlmading deyishsa, deyishaversin"

Germaniya Image copyright EPA

Fathiya Qoziy hozir 28 yoshda. Texno dijey va prodyuser. Asli afgʻonistonlik. Ammo Gamburgda yashaydi.

Ota-onasi 1980 yilda Kobuldan Germaniyaning Kasel shahriga qochib kelishgan.

Oradan toʻqqiz yil oʻtib, Fathiya tugʻilgan. Fathiya texno musiqa bilan ilk bor 15 yoshda ekan, Frankfurtdagi mashhur texno klubda oshno boʻladi.

Ammo anʼanador boʻlgan ota-onasi qizlarining bu kabi tanlovini maʼqullashmaydi.

Fathiya esa, bunga bunga javoban uydan ketishga qaror qiladi.

Qolgan tafsilotlari esa, videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Afgʻon qizi Susan yulduz repper boʻlmoqchi

"Men oʻshanda 16 yoshda edim. Ammo, aksincha, oʻrtadagi masofa bizni yanada yaqinlashtirdi. Kutilmaganda menga tekkan erkinlik juda foydali boʻldi. "Qayerga ketayapsan, nima qilasan, qachon qaytasan? Boshqa oilalar biz haqimizda nima deb oʻylashadi? Sen yaxshi afgʻon qizi chiqmadingmi, balki? Muhandis, huquqshunos yoki shifokor boʻlmading. Bu - aksariyat afgʻon ota-onalarining orzusi. Yaxshi bir maktabga bor, afgʻon er top, musulmon qizi boʻlib, ertaroq oila qurgin, degan gap-soʻzlardan qutildim".

Biroq Fathiya doimo oʻz hayotini boshqacha tasavvur qilgan.

"Bolaligimdan xonanda boʻlishni istaganman. Oʻz orzularim haqida onamga aytganimda esa, u kishi yoʻq, degan. 21 yoshimda tungi klublarga chiqishni, tungi hayotning rostmana taʼmini tatishni boshladim. Ammo oʻshanda ham dijey boʻlishim xayolimga kelmagan".

2015 yilda Fathiyalar oilasida fojea yuz beradi. Kutilmaganda otasi xastalanib, vafot etadi. Fathiya musiqadan panoh topadi. Oʻsha paytda dijey boʻlgan yigiti oʻz sanʼatini unga ham oʻrgatadi.

Texno musiqa sohasida ayol dijey boʻlish hanuz oson ish emas. Ammo Fathiya ham ichki va ham tashqi toʻsiqlarni yengib oʻtishga muvaffaq boʻlgan. Hozir klublar, festivallar va bazmlarda bemalol dijeylik qiladi. Gamburgdagi mashhur klubning doimiy aʼzosi. Germaniya yorligʻi ostida yangi musiqiy alьbomi chiqmoqchi.

"Barcha afgʻon qizlariga maslahatim shuki, doimo orzularini roʻyobga chiqarishga harakat qilishsin, "oh, yaxshi qiz boʻlgin", deguvchilarning gaplariga quloq solishmasin".

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq