Yevropa sudi: Belgiyaning burqani taqiqlagani toʻgʻri

Belgiyalik ayollar burqada yurganlari uchun toʻlagan jarimalarini koʻrsatmoqdalar Image copyright Reuters
Image caption Belgiyalik ayollar burqada yurganlari uchun toʻlagan jarimalarini koʻrsatmoqdalar

Inson huquqlari Yevropa mahkamasi fikricha, Belgiyada muslima ayollarning yuzi va boshini butkul bekitadigan burqa taqiqlangani Yevropa konventsiyasiga zid emas.

Belgiyaning uch muslima fuqarosi oʻz hukumatining taqiq qarori ustidan Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudiga shikoyat bilan murojaat qilishgan, ayolning yuzi va boshini butkul bekitadigan burqada yurishini taqiqlaydigan qonun oʻzlarining huquqlarini poymol etayotganini bildirgan edilar.

Belgiya niqob yoki burqani taʼqiqlaydigan ilk mamlakat boʻlishi mumkin

Belgiya quyi parlamenti niqobni taʼqiqlovchi qonun loyihasini tasdiqladi

Frantsiyada niqob va burqalarning jamoat yerlarida taʼqiqlanishi noroziliklar tugʻdirmoqda

Frantsiyada burqada yurishni taqiqlovchi qonundan norozi ikki ayol hibsga olindi

Strasburg shahrida yashaydigan Belgiya fuqarosi Samiya Belqosim va Lej shahrida istiqomat qiladigan Marokash fuqarosi Yamina Ossar koʻzlarini koʻrsatib turadigan niqobda jamoat joylarida paydo boʻlish huquqlarini qayta tiklash talabini ilgari surgan edilar.

Belgiyada insonning yuz va boshini butkul yopadigan kiyimda jamoat joylarida paydo boʻlishini taqiqlash qonuni 2011 yili kuchga kirgan edi.

Bu bilan Belgiya muslimalarning burqa, niqob va paranjida yurishlarini maʼn etgan ilk Yevropa mamlakati boʻlgandi.

Hali butun mamlakat boʻylab taqiq joriy etilishidan oldin - 2008 yili Belgiyaning Pepenster, Dizon va Verve kabi munitsipalitetlarida muslimalar kiyimlari taqiqlangan edi.

Samiya Belqosim oʻzining arizasida 2011 yilgi taqiqdan keyin burqasini yechishga majbur boʻlganini, aks holda oʻzini qamashlari yoki jarimaga tortishlaridan choʻchiganini yozgan.

Yamina Ossar esa oʻzining dini talabini bajarish va mamlakat qonunlarini buzmaslik maqsadida butkul koʻchaga chiqmay qoʻyganini aytgan.

Yana bir Belgiya fuqarosi Foziya Dakir esa 2008 yildan buyon oʻzi yashab turgan joyda joriy qilingan taqiqdan aziyat chekib kelganini yozgandi.

Belьgiyalik ayollarning murojaatini koʻrib chiqqan Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi chiqargan qarorda aytilishicha, ushbu taqiqni "demokratik jamiyat meʼyorlariga mos keladigan", "boshqa fuqarolarning huquq va erkinliklarining muhofazasiga qaratilgan" "birgalikda yashashning muhim bir talablaridan biri" sifatida koʻrish mumkin.

Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi xulosasiga koʻra, yuzni butkul bekitadigan kiyimning taqiqlanishi Inson huquqlari boʻyicha Yevropa konventsiyasining shaxsiy va oilaviy hayotni hurmat qilish, fikr, eʼtiqod va diniy erkinliklar huquqlarini poymol etmaydi.

Shuningdek, mahkama konventsiyaning tahqirlashni maʼn etish bandiga mos keladigan amalni ham topmagan.

Endi belgiyalik ayollar Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudining Katta palatasiga uch oy mobaynida shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkin.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq