Qozogʻistondan oʻtuvchi yoʻl hozircha uzoqni yaqin qilmaydi

chegara Image copyright Inform.kz

Toshkent va Samarqandni Qozogʻiston orqali tutashtiruvchi yoʻl hozircha yoʻlovchilar kutganidek boʻlib chiqmagan. Gazeta.uz muxbirining tajribasidan maʼlum boʻlishicha, bu yoʻldan oʻtishga koʻproq vaqt va asab ketadi. Chegaraga vaqtida kelmaganlar tonggacha chegaradagi neytral hududda qolib ketishi ham mumkin.

Jurnalist Nikita Makarenkoning aytishicha, qayta ochilgan yoʻldan oʻtish aytilayotganidek yarim soat emas, balki 2 soat vaqtni oladi. Chegara ochiq vaqtida ulgurmagan yoʻlovchilar Qozogʻiston hududida qolib ketishi ham mumkin.

Rasmiy ochilish marosimidan lavha bergan "Axborot" dasturi jurnalistining aytishicha, qayta ochilgan yoʻl uzoqni yaqin qiladi. "Axborot"ga intervьyu bergan yoʻlovchilardan biri oldin safarini 1,5 soat vaqt olgan boʻlsa, yangi yoʻl ochilgach yarim soatga qisqarganini aytgandi.

Qozogʻistonni kesib oʻtuvchi yoʻl va chegara nuqtasi ochildi

Qozogʻistonni kesib oʻtuvchi yoʻl ochilishi mumkin

Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan chegarani qisman yopdi

Ikki qoʻshni Rossiya va Xitoy bozorini egallamoqchi

Oʻzbekiston va Qozogʻiston qoʻshma avtomobil ishlab chiqarishi mumkin

Mirziyoyev Janubiy Qozogʻistonga bordi

Biroq gazeta.uz nashri muxbiri 12 iyul kuni ushbu yoʻldan oʻtib, uning aytilayotganidek qulay emasligiga amin boʻlgan.

Toshkentdan Samarqandaga Qozogʻiston orqali ketmoqchi boʻlgan yoʻlovchi 4 ta chegara oʻtish nuqtasi va bitta yoʻl xavfsizlik postidan oʻtishiga toʻgʻri keladi.

Image copyright Google Map

Nikita Makarenkoning yozishicha, 12 iyul kuni ertalabki soat 9 da M-39 trassasining Toshkentdan kelaverishdagi "Malik" chegara postida mashinalar koʻp boʻlmagan. U qisqa yoʻldan oʻtmoqchi boʻlgan 10-20 chogʻli odamni koʻrgan.

Jurnalistning aytishicha, "Malik" postidagi oʻzbek chegarachilari juda tez ishlamoqda. U yerdan oʻtish 10 daqiqa olgan. Chegarachilar xushmuomala va madaniyali munosabatda boʻlishgan. 4 dona chegara oʻtish darchalari ishlab turgan.

Chegara postiga kirishdan oldin Yoʻl xavfsizlik boshqarmasi nazoratidan ham oʻtishga toʻgʻri keladi. Chegara postida blankaga esa chegarani kesib oʻtdi, degan shtamp qoʻyiladi. Undan soʻng bojxonachilar tekshiruvidan oʻtiladi. Jurnalist ushbu tekshiruv bagaj va bardachoklarga koʻz yugurtirish bilan tezda oʻtadi, deydi.

Muxbir Qozogʻistonning "Sirdaryo" postida 1 soatu 25 daqiqa vaqt sarflaganini aytgan. U aynan mana shu ushlanish tufayli yangi yoʻl qulay emasligini taʼkidlaydi. Chegarada 5 ta mashina boʻlsa ham bojxonachi kompyuterda hujjatlarni 1 soatning ichida toʻldirgan.

"Qozoq tomoni bu ushlanishni hammasi endi ishga tushgani bilan izohlashdi. Kelajakda bu jarayon tezroq boʻlishiga vaʼda berishdi. Bundan tashqari bojxonachilarning aytishicha, chegaradan oʻtayotgan har bir kishining maʼlumotlarini bazaga kiritish orqali keyingi safar hujjat toʻldirishga toʻgʻri kelmaydi", - deb yozadi Nikita Makarenko.

Muhim tomoni oʻzbek chegara oʻtish postlari 24 soat ishlasa ham, Qozogʻistonning "Sirdaryo" chegara posti ertalab soat 9 dan kechki soat 7 gacha ishlashi koʻrsatilgan.

"Chegara xizmati ofitseri bu narsani tasdiqladi. Yana u neytral hududda qolib ketmaslik uchun soat 18:30 kelish kerakligini maslahat berdi", - deb yozadi jurnalist.

Shundan soʻng M-39 trassasidan haydash mumkin boʻlgan. Muxbirning taʼkidlashicha, sovet davrida qurilgan ushbu yoʻlning sifatiga hafas qilib boʻlmaydi. Mashinani avaylab haydashga toʻgʻri keladi.

Qozogʻiston hududidan chiqishda "Tselinniy" chegara postidan oʻtish kam vaqt olgan. U yerda toʻldirgan bojxona deklaratsiyasini topshirish kerak.

Jurnalist Oʻzbekistonga tegishli "Oq oltin" postidan qisqa vaqtda oʻtganini bildirgan.

Nikita Makarenko Toshkentga qaytishda eski yoʻldan kelgan. Bu yoʻl bir soat vaqt olgan.

"Hozircha endi poytaxtdan Samarqandga tezroq borish mumkin, deb aytib boʻlmaydi. Biroq Qozogʻiston Bojxona xizmati vakillari soʻziga ishonilsa kelajakda ushbu jarayon kamroq vaqt olishi mumkin", deydi jurnalist.

Qozogʻiston tomoni "Sirdaryo" chegara oʻtish posti bir kunda 200 ta mashinanini oʻtkazish salohiyatiga ega ekanligini aytgan edi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq