Oʻzbekistonda xorijga chiqish pasportlari joriy etiladi

Pasport

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu xususda oʻz takliflarini ishlab chiqishlari uchun mamlakatdagi masʼul idoralarga bir oy muhlat bergan.

Koʻzda tutilayotgan takliflarda xorijga chiqish pasportlarini joriy etishning aniq bosqichlari, muddatlari, texnik shartlari va moliyaviy xarajatlari aks etishi lozimligi aytilgan.

Chiqish vizasi kerakmi?

Hatto Kubada ham chiqish vizasi bekor qilindi

Bunga esa, Oʻzbekiston prezidentining 11 iyuldagi migratsion jarayonlar va fuqarolikni rasmiylashtirishda ichki ishlar organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisidagi qarori asos boʻlib xizmat qilgan.

Oʻzbekistonda amalda boʻlgan chiqish vizasining bekor qilinib, oʻrniga xorijiy pasportlarning isteʼmolga kiritilishiga oid xabarlar shu yil boshida paydo boʻlgan.

Ular Shavkat Mirziyoyev rasman Oʻzbekiston yangi prezidenti etib qasamyod keltirishidan qisqa vaqt oʻtmay kuzatilgan.

Chiqish vizasi tartibi Oʻzbekiston mustaqilligi bilan kechgan chorak asrdan ortiqroq vaqt davomida amal qilib keladi.

Ayni tartib Oʻzbekiston fuqarolarining eng koʻp shikoyatlariga sabab boʻlib kelayotgan eng dolzarb masalalardan biri boʻladi.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda ushbu mavzu turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida oʻzbekistonlik internet foydalanuvchilarining qizgʻin bahsu munozaralariga aylangan.

Bu bahsga qoʻshilgan aksariyat oʻzbekistonliklar nazdlarida chiqish vizasi butkul bekor qilinmogʻi lozim.

Xorijga chiqish pasporti

Bu haqda avvalroq Oʻzbekiston yangi hukumatining portalida eʼlon qilingan 2017-2021 yillar oraligʻida Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha Harakat dasturida ham soʻz borgan.

Xorijga chiqish uchun ruxsatnoma(stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish va oʻrniga xorijga chiqish pasportini joriy etish haqidagi loyiha ekspertlar va jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgani aytilgan.

Chiqish vizasining bekor qilinishi uchun aniq muhlat koʻrsatilmagan, ammo ayni tadbirni bajarish muddati 2017 yilning 3-choragi etib belgilangandi.

Oʻshanda oʻzbekistonlik masʼullar xorijga chiqish pasportlarining 2018 yil oxirigacha joriy etilishi mumkinligi haqida soʻz yuritishgan.

Chiqish vizasi

Oʻzbekiston konstitutsiyasi fuqarolarning mamlakat ichkarisi va tashqarisida erkin harakat qilish huquqini kafolatlashiga qaramay, Sovet davridan qolgan chiqish vizasi amalda saqlanib qolgan.

Xorijga chiqishni nazorat qilish tizimi mamlakatdagi eng korruptsiyalashgan tizimlardan biri sifatida koʻriladi.

Xorijga chiqish uchun stikerlar rasman Ichki ishlar vazirligining boʻlinmalari tomonidan rasmiylashtirilsa-da, amalda ruxsat Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan berilishi maʼlum.

Oʻtgan yil oktyabr oyida "Oʻzbekiston fuqarolari tashabbus guruhi" prezident vakolatlarini vaqtincha bajarayotgan Shavkat Mirziyoyevga oʻziga xos chaqiriq - petitsiya bilan murojaat qilishgan, chiqish vizasi tartibi bekor qilinishi kerakligini aytishgandi.

Taʼkidlash joiz, mustaqil Oʻzbekiston tarixida ungacha bu kabi voqeʼlik kuzatilmagan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02