Nemtsovning qotiliga 20 yil qamoq jazosi berildi

Boris Nemtsov Image copyright AFP
Image caption Boris Nemtsov

Muxolifat lideri Boris Nemtsovning oʻldirilishi yuzasidan mahkama ishi Zaur Dadayevni 20 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Dadayevni hakamlar hayʼati Nemtsovning oʻlimida Dadayevni aybdor deb topishgan.

Ramzan Qodirov: Nemtsov Rossiyaning dushmani edi

Moskvada Boris Nemtsov oʻldirilgan

Rossiyaliklarning koʻpchiligi Nemtsov qotilligiga nisbatan "beparvo"

Prokuratura unga nisbatan umrbod qamoq jazosi qoʻllanishini soʻragan boʻlsa ham, Dadayev 20 yilga hukm qilingan.

Bundan tashqari Dadayevdan leytenant unvoni olib tashlashgan, 100 000 rubl jarima toʻlashi buyurilgan.

Yana toʻrt nafar ayblanuvchilar 11 yildan 19 yilga qadar qamoq jazosiga hukm etilishgan.

Agar 10 kun ichida ayblanuvchilar arz bilan murojaat qilishmasa, hukm kuchga kiradi.

Image copyright Tass
Image caption Dadayev

Mahkama xulosasiga koʻra, Zaur Dadayev sobiq Bosh vazir va Prezident Putinning ashaddiy tanqidchisi boʻlgan Boris Nemtsovni Moskva markazida otib oʻldirgan.

Qolgan toʻrt nafar chechen esa uning sheriklari, deb koʻrilmoqda. Ularga goʻyo 250 ming dollar vaʼda qilingan.

Ayblanganlar barchasi oʻzlariga qoʻyilgan ayblovlarni rad etishgandi.

Nemtsovning qarindoshlari esa qotillikni buyurgan kishi hech qachon topilmasa kerak, degan xavotirdalar.

Hozirda qotillikka aloqador koʻrilayotgan Ruslan Muhiddinov ismli boshqa bir chechen qidirilmoqda. U xorijga qochib ketgan boʻlishi mumkin.

Moskvadagi mahkama 8 oy davom etdi.

Qotillik ijrochisi deb koʻrilayotgan Zaur Dadayev esa Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning qoʻl ostida xizmat qilgan.

Nemtsov 1990-yillari Prezident Yeltsinning Bosh vaziri boʻlib ishlagandi.

Keyinroq Vladimir Putinning muxolifiga aylangan.

Boris Nemtsov 2015 yil 27 fevral kuni radioga intervyu berib qaytayotgan payti koʻchada otib oʻldirilgan.

55 yashar siyosatchi oʻsha paytda Ukrainadagi nizoga Rossiyaning aloqasini oʻrganayotgan edi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02