Rossiya: yongʻin qurbonlari barchasi oʻzbekistonlik ekani tasdiqlandi

Yongʻin Image copyright courtesy

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati Kolpino shahridagi yongʻinda qurbon boʻlgan yetti nafar Oʻzbekiston fuqarosining roʻyxatini eʼlon qildi.

Rasmiy xabardan qurbonlar barchasining Xorazm viloyatining bir - Yangiariq tumanidan ekani anglashildi:

1. Xusinov Roʻzmat Qurbonboyevich, 1967 yil 1 yanvarda tugʻilgan, Xorazm viloyati Yangiariq tumani;

2. Xusinov Siroj Roʻzmatovich, 1991 yil 16 oktyabrda tugʻilgan, Xorazm viloyati Yangiariq tumani;

3. Otaniyozov Zoir Aminovich, 1973 yil 2 noyabrda tugʻilgan, Xorazm viloyati Yangiariq tumani;

4. Boyjanov Ilyos Qadamboyevich, 1988 yil 10 noyabrda tugʻilgan, Xorazm viloyati Yangiariq tumani;

5. Sultonov Yunus Kuranboyevich, 1981 yil 21 aprelda tugʻilgan, Xorazm viloyati Yangiariq tumani;

6. Atakov Oʻtkirbek Oʻktamboyevich, 1989 yil 19 aprelda tugʻilgan, Xorazm viloyati Yangiariq tumani;

7. Quramboyev Shoxzod Xushnudbek oʻgʻli, 1997 yil 3 noyabrda tugʻilgan, Xorazm viloyati Yangiariq tumani.

Yongʻin 12 iyuldan 13 iyulga oʻtar kechasi shahardagi metall angarda kelib chiqqan.

Yongʻinda halok boʻlganlar Oʻzbekiston fuqarolari

Xabarlarga koʻra, bu angarda yoʻlak plitalari ishlab chiqarilgan.

Kolpino Sankt-Peterburg tarkibiga kiruvchi shaharcha boʻladi.

Rossiya axborot agentliklari xabar berishicha, yongʻin 600 kv.m.ni tashkil etgan.

Dastlabki taxminlarga koʻra, unga elektr uskunasidagi qisqa tutashuv sabab boʻlgan.

Qurbonlar barchasining oʻzbekistonlik ekanini Rossiyadagi Oʻzbekiston elchiligi xodimlari tasdiqlashgan.

Xabarlarga koʻra, ular Sankt-Peterburg shahri Tashqi aloqalar qoʻmitasi maʼlumotiga asoslanishgan.

Oʻzbekiston elchixonasi xodimlari kecha - 13 iyul kuni yongʻin sabablari va qurbonlar shaxsini aniqlash uchun Kolpino shahriga joʻnab ketishgani aytilgan.

Xabarlarga koʻra, endi Rossiyaning masʼul idoralari tomonidan sud-tibbiy ekspertizasi oʻtkazishga qaror qilingan.

Oila aʼzolari va yaqinlariga xabar berishlari uchun qurbonlar haqidagi maʼlumot Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalari va Xorazm viloyat hokimligiga yetkazilgan.

Oʻzbekiston elchixonasi esa, Sankt-Peterburg va Kolpino shaharlari masʼul idoralari bilan muntazam aloqada ekani aytilmoqda.

Halok boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari toʻgʻrisidagi maʼlumot ularning oila-aʼzolarini habarbor qilish maqsadida Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalari va Xorazm viloyati hokimligiga yetkazildi.

Rossiya Tergov qoʻmitasi Rossiyaning Kolpinosidagi yongʻinda insonlar halok boʻlgani yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq