Oʻzbekiston chetda oʻz migratsiya vakolatxonalarini ochmoqchi

Muhojirlar Image copyright courtesy

Mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi bu kabi yangicha tashabbus mamlakat yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori ostida amalga oshiriladi.

Xabarlarga koʻra, reja "birinchi navbatda koʻp sonli Oʻzbekiston fuqarolari yashayotgan davlatlar"ni koʻzda tutadi.

Ayon boʻlishicha, bu - Oʻzbekiston Respublikasining migratsiya sohasiga javobgar organlarining vakolatxonalari boʻladi.

"Migrantlar huquqni bilmasliklari katta muammo"

Rossiyadan Oʻzbekistonga deportatsiya qilinayotgan mehnat muhojirlari koʻp

"Chet ellarda ochiladigan migratsiya markazlarining vazifasi - aholini roʻyxatdan oʻtkazish va ishlash ruxsatnomasini olish jarayonini osonlashtirish" boʻladi.

Prezident Mirziyoyevning 12 iyul kuni eʼlon qilgan qaroriga muvofiq, endi bu xususda Oʻzbekiston Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mehnat vazirliklari va shu sohaga masʼul boshqa idoralar oʻz takliflarini kiritishlari zarur boʻladi.

Ularning takliflari esa, 2018 yilning 1 fevraliga qadar tayyor boʻlishi lozim koʻriladi.

Bundan tashqari, bu takliflarning Oʻzbekiston Respublikasi imzolagan barcha davlatlar va hukumatlararo shartnomalar asosida ishlab chiqilishi taqozo etiladi.

Ularning, bunga qoʻshimcha, migratsiya sohasidagi vaziyatni chuqur oʻrganib chiqish va tahlil qilish asosida ishlab chiqarilishi kerak"ligi aytiladi.

Oʻzbekistonliklar va migratsiya

Yillarki, mintaqada aholisi soni eng kattasi (hozir 32 millionga yaqinlashib qolgani aytiluvchi) boʻlgan Oʻzbekiston sobiq Shoʻrolar Ittifoqi hududidagi "asosiy ishchi kuchi taʼminotchisi" sifatida koʻrib kelinsa, "bosh isteʼmolchi" aynan Rossiya boʻlib kelgan.

Agar, ayrim hisob-kitoblarga tayanilsa, oʻzbekistonlik jaʼmi mehnat muhojirlarining toʻrtdan uch qismi Rossiyaning hisobiga toʻgʻri keladi.

Oʻtgan yilgi rasmiy maʼlumotlarda esa, Rossiyada mehnat muhojirligida band boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining soni ikki million atrofida ekani aytiladi.

Hatto, bu raqamlar ham bir yil avvalgisi bilan taqqoslanganda, tirikchilik ilinjida Rossiyaga yoʻl solayotgan oʻzbekistonlik migrantlar sonining 15 foizga kamayganiga dalolat qiladi.

Yaʼni, soʻnggi ikki yil ichida Rossiyada mehnat muhojirligida band Oʻzbekiston fuqarolari foizining ham izchillik bilan kamayib borayotgani kuzatiladi.

Soha ekspertlariga koʻra, mavjud vaziyatga, bir tomondan, Ukraina inqirozida tutgan oʻrni sabab, Gʻarb tomonidan Rossiyaga nisbatan ustma-ust joriy etilgan qator sanktsiyalar sabab boʻlgan.

Boshqa tarafdan, aynan 2015 yilga kelib, Rossiyada migratsiya qonun-qoidalarining keskin kuchaytirilishi voqeʼligi ham oʻzining jiddiy soʻzini aytgan.

Yangi tartib-qoidalar

bundan ikki yil burun Rossiyada mehnat muhojirlariga patent berishning yangicha tartibi joriy etilgan, mavjud holat esa, ularni, ayniqsa, moliyaviy jihatdan mushkul ahvolda qoldirgan.

Patent olish uchun koʻzda tutilgan yangi tartib-qoidalarga muvofiq, migrantlar buning uchun OITS, sil, teri-tanosil kasalliklari va giyohvand modda isteʼmol qilish-qilmasliklarini aniqlab beruvchisi doxil qator tibbiy tekshiruvlardan oʻtishlari shart koʻriladi.

Bundan tashqari, ularning tibbiy sugʻurta, INN(soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami) raqamiga ega boʻlishlari, rus tili, Rossiya qonunchiligi va tarixidan imtihon topshirishlari ham taqozo etiladi.

Ustiga ustak, mehnat muhojirlarining bular barchasiga bir oyning ichida ulgurishlari shart koʻriladi.

Aks-holda ularning 10 ming Rossiya rubli miqdorida jarima puli toʻlashlariga toʻgʻri kelishlari aytiladi.

Oʻz vaqtida muvaffaq boʻlgan taqdirlarida ham, mehnat muhojirlarining avvaliga patent uchun 14.5 rubl, keyinchalik uni choʻzdirish uchun oyiga 4 ming rubldan toʻlab borishlari shart, deb koʻriladi.

Agar, ayrim hisob-kitoblarga tayanilsa, pulga chaqqanda, butunboshli jarayon Rossiyaga chetdan ish izlab kelgan mehnat muhojiriga jaʼmi 1 ming AQSh dollariga tushishi mumkin.

Kredit olish imkoniyatdan foydalangan taqdirlarida esa, aksariyat hollarda uni oʻz vaqtida toʻlashdan ojiz qolishadi.

Yaʼni ketajak sarf-xarajatlarning miqdori oshib borayotgani bois, ular Rossiyada mehnat qilishlari uchun lozim koʻrilgan hujjatlarni risoladagisidek tayyorlay olishmaydi.

Oʻzbekiston va migratsiya

Mehnat muhojirlari Rossiyadan ortga yuborayotgan mablagʻlar Oʻzbekiston iqtisodi uchun qanchalik muhim ahamiyat kasb etib kelayotganiga qaramay, migratsiya muammosi yaqin-yaqingacha bu ikki davlat oʻrtasida hukumatlararo darajada oʻzining yechimini topmagan.

Faqat 2015 yil oʻrtalariga kelib, matbuotda Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlararo hayʼatlarining bunga oid maxsus bitimni hozirlashga kirishish niyatida ekanliklariga oid xabarlar paydo boʻlgan.

Fevral oyida Rossiyaning qator yetakchi axborot agentliklari bu ikki davlat hukumatlarining shu yil aprel oyida mehnat migratsiyasiga oid ikkita kelishuvni imzolash rejasida ekanliklari haqida xabar tarqatgan.

Bu bitimlarning Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyati yuritish uchun Oʻzbekiston fuqarolarini jalb etish ishlarini tashkillashtirish va ishga yollash boʻyicha ekani aytilgan.

Rossiya Mehnat vazirligi vakili esa, ayrim internet nashrlariga hujjatlarning Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga amalga oshirajak tashrif chogʻida imzolanishi haqida maʼlum qilgandi.

Oʻzbekiston yangi prezidentining Rossiyaga davlat tashrifiga oid tarqalgan dastlabki xabarlarda esa, tomonlarning energetika, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetkazib berish, harbiy-texnik hamkorlikdan tashqari, aynan migratsiya siyosatiga oid masalani ham muhokama etishlari aytilgandi.

Mintaqaviy ekspertlar barchasining birdek eʼtirof etishlaricha, ayni shu masala Oʻzbekiston yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarshisida turgan eng asosiy vazifalardan biri boʻladi.

Bungacha Oʻzbekiston hukumatining mehnat migratsiyasi muammosiga yondashuvi faollarning jiddiy tanqidlariga sabab boʻlib kelgan.

Oʻzbekiston marhum prezidenti Islom Karimov Rossiyaga ish izlab borayotgan fuqarolarini "dangasalar", deb atashgacha borgan.

"Moskvada koʻcha supurayotganlar butun oʻzbeklarni sharmanda qilayotgani"ni aytgan.

Marhum prezident Oʻzbekistonning oʻzida "hech kim ochidan oʻlmayotgani"ni taʼkidlashni ham unutmagan.

Ayni paytda u oʻzbeklar Rossiyada ishlab topayotgan milliardlab dollar mablagʻlar haqida hech narsa demagandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq