Namanganda hojatxonaga tushib ketgan smartfon uch kishini "oʻldirdi"

Image copyright Samsung
Image caption Namanganda hojatxonaga tushib ketgan smartfon uch kishini "oʻldirdi"

Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumanida "Sharq yulduzi" qishloq fuqarolar yigʻinida hojatxonaga tushib ketgan smartfon uch kishining oʻlimiga sabab boʻldi.

Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga koʻra, hodisa 13 iyul kuni soat 10:00 atrofida yuz bergan. Musaboyeva familiyali ayol "oʻzining ehtiyotsizligi oqibatida xonadonidagi hojatxonaga" Samsung Galaxy J7 smartfonini tushirib yuborgan.

Ingliz mehmonning "Oʻzbekiston" kundaligi. 2-kun

Oʻzbekistonda "Chelsi" tualet qogʻozi

Xonadon bekasi telefonini hojatxonadan chiqarish uchun ikki ishchi - Qirgʻizboyev va Murzaliyevlarni yollagan. Ular narvondan hojatxona tubiga tushib, "ogʻir gazdan zaharlangan va hushidan ketgan".

Shundan soʻng Musaboyeva xonim yollanma ishchilarni qutqarish uchun tuman "Qizilqiyoq" qishloq vrachlik punktidan shifokor Irisboyevni chaqirtirgan. U ham hojatxonaga tushayotib, hushidan ketgan.

"Fuqarolar Qirgʻizboyev va Murzaliyev voqea joyida, fuqaro Irisboyev esa shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan", deb yozadi vazirlik. Ularning bari vazirlikning Namangandani boshqarmasi qutqaruvchilari tomonidan hojatxona ichidan olib chiqilgan.

Qayd etishlaricha, "hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli xizmatlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda".

"Terabayt.uz" saytiga koʻra, Samsung Galaxy J5 smartfonini modifikatsiyasiga koʻra Toshkentning xos bozorlarida 1,5 million soʻmgacha, kreditga umumiy 410 dollargacha boʻlgan narxda sotib olish mumkin.

"Shifokor hojatxona tubiga tushmasligi kerak edi"

Image copyright YouTube
Image caption "Telefon odamdan qimmat..."

Telefonni hojatxonadan chiqarib olish uchun yollangan shaxslarning hech bir tayyorgarliksiz hojatxona ichiga tushganiga bir nima deyish qiyin, biroq shifokorning harakati koʻpchilikda savol uygʻotgan.

Namangan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati vakilining "Sputnik Oʻzbekiston"ga maʼlum qilishicha, shifokor hojatxona ichiga tushmasdan, holat haqida tegishli tashkilotlarga xabar berishi kerak edi.

"Doktor - oʻqimishli, oliy maʼlumotli odam va u nega bunday qilganiga izoh bera olmaymiz. Hozir turli gap-soʻzlar tarqalyapti, masalan, hojatxona ichiga tushib ketganlar pastdan turib yordam soʻragani uchun, vrach ham hojatxona ichiga tushishga majbur boʻlgan, deyilyapti. Lekin bu hali taxmin", - deydi agentlik suhbatdoshi.

Uning taʼkidlashicha, "axlat gazi - eng ogʻir, inson hayoti uchun oʻta ogʻir boʻlgan gazdir". Shu sababli ham FVVning hududlardagi boshqarmalari tomonidan shunday zaharlanishlarning oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Shunga oʻxshash hodisa 2014 yil may oyida Xitoyning Xenan viloyatida yuz bergan edi. Oʻshanda kelinchak 320 dollar turadigan yangi smartfonni hojatxonaga tushirib yuborgan.

Smartfonni ushlab qolish maqsadida kuyov hojatxona teshigiga otilgan, biroq koʻp oʻtmay hushidan ketgan. Oʻgʻlini qutqarish uchun teshikka otilgan qaynona ham hushidan ketgan.

Soʻng hushidan ketganlarni kelinchak, qaynota va yana ikki qoʻshni birgalikda qutqarishga uringan. Oxir-oqibat, ularning barchasi qutqaruvchilar tomonidan qutqarilgan; kuyov va qaynona vafot etgan.

"Odam arzon, smartfon qimmat..."

Hojatxonaga tushib ketib, uch kishining oʻlimiga sabab boʻlgan smartfon voqeasi ijtimoiy tarmoqlarda rostmana muhokama mavzusiga aylangan.

"Tualetda telefonga balo bormidi! Baraka topgur, hech boʻlmasa ana oʻsha joyda holi qol!", deydi Facebookdagi Farhod. "13-raqam yomonligiga ishonib ketasan odam", deb hodisa 13-iyul kuni yuz berganiga ishora qilgan Oybek.

Facebook foydalanuvchisi Nilufar oʻz gʻazabini yashira olmagan: "Telefoning boshingda qolsin! Tualetga olib kirib, nechta odamning boshini yeding! Telefoning orqasidan oʻzing tushishing kerak edi, palakat!".

"Ham achinarli, ham kulguli. Bir nima deyishga ham ojiz inson. Tualetdan telefonni olib chiqish uchun qancha pul vaʼda qilgan ekan? Arzimagan pulga rozi boʻlib, oʻlib ketgan odamga achinasan kishi", deb yozadi Murodjon.

Zafar ismli bir foydalanuvchi "Facebook"da: "Shifokorlardan rozi boʻlmayotgan doʻstlar, mana, ikkita odamning hayotini qutqaraman deb, shifokor oʻzini xavf ostiga qoʻyib, oʻzi ham halok boʻlibdi", degan boʻlsa, Miraziz uning fikriga qarshi chiqqan: "Shifokorning aqli boʻlganida, tushishdan avval oʻzining ehtiyotini qilgan boʻlardi".

Nilufar ismli bir foydalanuvchi: "Achinarli holat. Avval qogʻozda olov yoqib, uni hojatga tashlab, gazni yoʻqotish mumkin edi. Ehtiyotsizlik oqibati", deb fikr bildirgan. Sadoqat unga raddiya bildirgan: "Nilufar, maslahatim, hech qachon bunday qila koʻrmang. Gazdan butun hojatxona portlab ketadi. Hayotda koʻp boʻlgan bunaqasi".

Foydalanuvchilarning baʼzilari shunga oʻxshash voqealar Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ham yuz berganini yozgan.

"Qashqadaryoda ham shunday voqea boʻlganini aytib berishdi. Unda ham uch kishi jabr koʻrgan. Bitta bola hojatxonaga tushib ketgan. Uni baqirganini eshitib, qoʻshnisi ham tushgan. Oʻsha bola va qoʻshnisi zaharlanib, vafot etgan. Uchinchi odamni arqon bilan tushirishgan, u ham hushidan ayrilgan va shifoxonaga yuborilgan", - deb yozadi Akmal.

"Qoʻzichoq tushib oʻlganini eshitganman. Sirdaryoda ham uch kishi oʻlgan edi 3-4 yil oldin, bir-birlarini qutqaraman, deb", deydi Facebook foydalanuvchisi Mardon.

Oʻxshash hodisa haqida Ilhom ham yozib qoldirgan: "Andijonning Paxtaobod tumanida ham uchta aka-uka oʻlgan edi. Unda telefonlar sodda va arzon boʻlardi. 5 yo 6 yil oldin boʻlgandi".

Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilar Oʻzbekistonda ayniqsa jamoat hojatxonalari bilan vaziyat yomon ekanligidan noligan.

"Yurtimizda telefon tushib ketmasa ham, shunchaki ehtiyoj bilan kirsang oʻldirib qoʻyadigan tualetlar juda koʻp", deb yozadi Twitterdagi @Okaginam.

"Koʻp-koʻp, juda koʻp. Ayniqsa, bilmagan joyingga kirsang, koʻngling aynib qusib yuborasan", deb uning gapini qoʻllagan @xullasde.

@Murodj0n boʻlsa: "Pokiza tualetlarda ipini tortmay ketadigan farosatlar haqida biror narsa yozing", deb gap qistirgan.

Mirziyoyevning kanalizatsiyalar toʻgʻrisidagi qarori

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-aprelda Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturini tasdiqlagan edi. Dastur 2017-2021 yillarga moʻljallangan.

Dastur, jumladan, kanalizatsiya xizmatlari koʻrsatish samaradorligini oshirish maqsadida qabul qilingan. Koʻrsatilgan yillarda yangi kanalizatsiya inshootlarini qurish, mavjudlarini qayta tiklash va rekonstruktsiya qilinishi koʻzda tutilgan.

Vaʼda berishlaricha, mazkur dastur nafaqat shaharlar, balki qishloqlarning ham kanalizatsiya tizimlarini tubdan yaxshilaydi, shuningdek, "ayniqsa qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi".

Qayd etish joiz, kanalizatsiya tarmoqlariga ulangan hojatxonalarga telefonlar tushib ketishi oqibatida odamlar halok boʻlgani haqida xabarlar hozircha qayd etilmagan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02