Afgʻoniston: "Bitta ham IShID jangarisini qoldirmaymiz"

IShID Image copyright video

Afgʻonistondagi Nato va AQSh Qurolli Kuchlarining Bosh qoʻmondoni general Jon Nikolsonning bayon qilishicha, soʻnggi janggarisi yoʻq etilmaguncha, IShID guruhiga qarshi harbiy amaliyotlari davom etadi.

General Nikolsonning mazkur bayonoti Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Xuroson qanotining uchinchi lideri Abu Sayid ham oʻldirilishidan uch kun oʻtib yangragan.

Abu Sayid tarmoqning oʻtgan bir yil ichida Afgʻonistonda oʻlim topgan uchinchi rahbari boʻlgan.

IShID guruhi hozircha bu kabi bayonot va xabarlarga biror bir munosabat bildirmagan.

Oʻz oʻrnida, yangi yetakchisining kim boʻlishi, yaʼni Abu Sayidning oʻrnini kim egallashi borasida ham biror bir bayonot bilan chiqmagan.

Tolibon va IShID to'qnashdi

Xavotirlar: Afgʻoniston shimolida IShID xavfi?...

Yaqin Sharqdagi IShID guruhi oʻzining Janubiy Osiyodagi tarmogʻi - Xuroson qanotiga 2015 yilning yanvar oyida Afgʻonistonga bevosita qoʻshni Pokistonda asos solgan.

Xuddi oʻsha yilning avgust oyida Oʻzbekiston Islomiy harakati lideri ham maxsus bayonot bilan chiqib, oʻzlarining toʻligʻicha Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga bayʼat keltirishganini bayon etgan.

Yil oxiriga borib, Usmon Gʻoziy oʻzlarining asosan qoʻshni Pokistondan Afgʻonistonga toʻliq qaytganliklarini ham maʼlum qilgan.

Orada Tolibon va Oʻzbekiston Islomiy Harakati aʼzolari orasida qaqshatqich janglar kechgani, liderining oʻldirilganiga oid xabarlar ham olingan.

Oʻzbekiston Islomiy harakatining oʻzi yetakchisi Usmon Gʻoziyning soʻnggi taqdiri borasida biror bir rasmiy bayonot bilan chiqmagan.

Ammo harakatning soʻnggi bayonoti saflarida boʻlinish yuz bergani, IShIDdan yuz oʻgirib, yana Tolibonga moyil oʻzagi ajralib chiqqaniga oid boʻlgan.

Ammo, shunda ham, oʻzini yangi Oʻzbekiston Islomiy harakati, deb atagan guruh, xavfsizlik nuqtai nazaridan ekanini bildirib, rasman yangi liderining kimligini maʼlum qilmagandi.

General Nikolsonning Kobulda qilgan soʻnggi chiqishida bayon qilishicha, Afgʻonistondagi IShID jangarilarining aksariyati xorijliklar boʻlishadi.

Boshqa tomondan, AQSh generalining bayonoti IShID guruhi Yaqin Sharqda jiddiy magʻlubiyatga uchragan, islomiy xalifati barham topgani rasman maʼlum qilingan bir vaziyatda oʻrtaga chiqmoqda.

BBC Oʻzbek Xizmati soʻnggi xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida BBC Afgʻon Xizmati muharriri Dovud Aʼzamiyga murojaat qildi:

Dovud Aʼzamiy: Ha, agar, Nato qoʻmondonlari va Afgʻoniston xavfsizlik mulozimlarining maʼlumotlariga tayanilsa, mamlakatdagi IShID jangarilarining aksariyati xorijliklar boʻlishadi. Ularning taxminlariga koʻra, bu chet ellik jangarilarning 70-80 foizchasi pokistonlik. Qolganlari esa, Oʻzbekiston doxil aksariyat Markaziy Osiyo fuqarolariga nisbat beriladi. Lekin, taʼkidlash joiz, hatto, IShID jangarilarining orasida hindistonliklari ham borligi aytiladi. Ayon boʻlishicha, ular Hindistonning oʻzida IShIDga bayʼat keltirishgan. Soʻngra Afgʻonistonga kelishgan. Bundan tashqari, Afgʻonistondagi IShID saflarida eronlik jangarilar ham borligiga oid maʼlumotlar bor. Bu esa, IShID guruhi Afgʻonistonni Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyodagi jangarilari uchun bir istehkomga aylantirish harakatida boʻlganiga dalolat qiladi. Ammo bu guruh uchun oson kechmayotgani aniq. Chunki IShID Afgʻonistonda davomiy hujumlar ostida. Bu janglar natijasida guruhning qator yuqori martabali yetakchilari doxil koʻplab jangarilari oʻldirilgan. IShID, bundan tashqari, oʻtgan bir yil ichida Afgʻonistonda oʻz nazorati ostida boʻlgan hududlarning anchaginasini ham yoʻqotgan. Shuning uchun ham, IShID Afgʻonistondagi asosiy tayanch nuqtasi boʻlgan sharqiy Nangarxordan unga qoʻshni boʻlgan boshqa viloyatlarga oʻtish harakatiga tushib qolgan. Chunki biz hozir Koʻnar va Nuriston viloyatlarida ham IShID jangarilari hozirligiga oid ishonchli maʼlumotlarga egamiz. Hozirgi vaziyat Nato, Afgʻoniston xavsfizlik kuchlari va IShID jangarilari oʻrtasida, taʼbir joiz, goʻyoki, bir sichqon-mushuk oʻyiniga aylangan. Yaʼni, IShID qayerda bosim ostida qolsa, oʻsha yerni tark etib, boshqa joyga koʻchish yoʻliga oʻtib olgan.

BBC: Shunday ekan, IShID guruhining Afgʻonistondagi bugungi qudrati haqida nima deya olasiz? Hozir IShIDni Afgʻoniston va unga qoʻshni mintaqa davlatlari uchun bir tahdid sifatida koʻrish qanchalik oʻrinli?

Dovud Aʼzamiy: Hozir Afgʻonistondagi IShID guruhining bundan bir-ikki yil avvaliga qudrati yoʻq. Harakat ancha zaiflashgan. Deylik, bundan ikki yil burun IShID jangarilarining soni uch mingtacha ekani taxmin etilgan. Agar, bugungi hisob-kitoblarga tayanilsa, hozir guruh jangarilarining soni qariyb bir mingtaga tushib qolgan. Bu esa, IShID boy bergan jangarilari oʻrnini yangilari bilan toʻldira olmaganiga dalolat qiladi. Yaʼni, bunga tezda muvaffaq boʻla olmayotgani hozir guruhning asosiy boshogʻriqlaridan biriga aylangan.

BBC: Agar, AQSh Qurolli Kuchlarining Afgʻonistondagi Bosh qoʻmondoni general Jon Nikolsonning yaqinda qilgan bayonotiga tayanilsa, bir yilning ichida IShID guruhi Xuroson qanotining uchinchi rahbarini oʻldirishga muvaffaq boʻlishgan. Bu - guruhning Afgʻoniston va mintaqadagi faoliyatiga qanchalik jiddiy zarba boʻlishi mumkin?

Dovud Aʼzamiy: Bu, soʻzsiz, Yaqin Sharqdagi IShID guruhining Xuroson qanoti faoliyatiga berilgan jiddiy zarba boʻladi. Chunki bu tarmoqning birinchi lideri Hofiz Sayid Xon oʻtgan yil avgust oyida havo hujumida oʻldirilgan. Uning oʻrnini egallagan ikkinchi yetakchisi Shayx Abdul Hasib esa, shu yil aprel oyida halok etilgan. Oradan bor-yoʻgʻi ikki oy oʻtib, iyul oyida esa, uchinchi rahbari Abu Sayid ham harbiy amaliyot chogʻida yoʻq etildi. Soʻzsiz, bor-yoʻgʻi bir yilning ichida uch yetakchisini boy berishi IShIDga berilgan jiddiy zarba boʻladi. Lekin hozir guruh soʻnggi rahbarining oʻrnini kim egallashi muhim. Yaʼni, u Abu Sayiddan koʻra jozibali, gʻayratli va mahoratliroq boʻladimi va yoki yoʻqmi...Lekin, hozircha, IShID ning mintaqadagi Xuroson qanoti yangi rahbarining kim boʻlishi bizga maʼlum emas. Buni, albatta, vaqt koʻrsatadi. Ammo guruh oʻtgan bir-ikki yilgisi bilan taqqoslanganda, ham jangarilari soni va ham egallab turgan hududi nuqtai nazaridan, ancha zaiflashib boʻlgani - haqiqat.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq