Britaniya Muzeyi Oʻzbekistondan oʻgʻirlangan koshinni qaytarishga yordam beradi

Chasmai Ayub maqbarasi koshini Image copyright BRITISH MUSEUM

Britaniyaning nufuzli nashrlaridan biri boʻlmish The Guardian gazetasining yozishicha, Buxorodagi Chashmai Ayub maqbarasidan bir parcha Londonda paydo boʻlgan.

Islomiy xattotlikning eng goʻzal namunalaridan biri akslangan ayni koshin yarim metr uzunlikda va 2014 yilda "gʻoyib boʻlgan", deb yozadi gazeta.

Muzeylar katalogi oʻzbek asarlarining yoʻqolishini bartaraf qiladimi?

Koshin Angliyadagi Meyfeyr galereyasida paydo boʻladi va savdoga qoʻyiladi.

Eng qizigʻi, gazetaning yozishicha, hech kim bu qadimiy koshinning yoʻqolgani haqida xabar bermaydi.

Image copyright BRITISH MUSEUM
Image caption Chashmai Ayub maqbarasi peshtoqidagi koshin o'rni bo'sh qolgan.

Oksfordlik olim bir tasodif bilan bu tarixning bir parchasini koʻrib qoladi.

Olim Oʻzbekistonga safarda boʻlgan va Saymon Rey galereyasining katalogidan bu koshinni tanib qolgan.

Saymon Rey galeriyasi koshinni sotib olganiga qaramay, ayni oʻgʻirlikdan xabardor boʻlgach, Britaniya muzeyi bilan bogʻlanadi.

Yaqin kunlarda Britaniya muzeyi Oʻzbekiston elchixonasiga qadimiy koshinni topshirishi kutilmoqda.

Britaniya gazetasining yozishicha, koshindagi yozuv uning 1208-9 yillarga tegishli ekanidan darak beradi.

Britaniya muzeyining katta kuratorlaridan biri Dr St John Simpson bu topildiqni "muzeyda turishga arzigulik" deb atagan.

Image copyright BRITISH MUSEUM

Koshinning narxi bir necha oʻn ming dollarga teng boʻlganiga ishoniladi.

Chashmai Ayub maqbarasi Ayub paygʻambar sharafiga tiklangani aytiladi.

Gazetaning yozishicha, Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov koshin topilgani uchun oʻzining "samimiy minnatdorchiligini" izhor etgan.

Oʻzbekiston hukumati Chashmai Ayub maqbarasini taʼmirlash niyatida ekan.

Dr St John Simpson ishonishicha, koshin Oʻzbekistondan samolyotda Yevropaga olib chiqib ketilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02