Андижонда ҳижобли абитуриентлардан ҳужжат қабул қилинмаган
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Andijonda hijobli abituriyentlardan hujjat qabul qilinmagan

Andijon Davlat Universitetida hijobli abituriyent qizlardan hujjat qabul qilinmagan. Qabul kommissiyada oʻtirgan Xotin qizlar qoʻmitasi va boshqa mutasaddilar ularning hijobini yechtirishga majbur qilgan.

Hijobni yechmayman, deb oyoq tirab turgan qizlar uni quloqni orqasidan oʻrashga majburlangan. Aks holda ulardan imtihon topshirish uchun hujjat qabul qilinmagan.

Bu kabi talab hujjat topshirishga shortik (kalta shim)da kelgan abituriyentlarga ham qoʻllanilgan.

Andijon Davlat Universiteti Qabul kommissiyadan goʻshakni koʻtargan masʼul hujjat topshirishga kelgan abiturentlardan hijobni yechish shart qilib qoʻyilganini tasdiqladi.

"Hijobni yechtirish holati boʻldi. Xotin qizlar qoʻmitasidan kelgan odamlar va boshqa mutasaddilar qizlardan hijobni yechishni, soʻngra hujjat topshirishni talab qilishdi. Rozi boʻlib yechishdi, koʻnmaganlari uni quloqning orqasidan oʻrab hujjat topshirishdi. Bu talab bizga Toshkentdan kelgan, veb kameraga suratga tushayotganda hijob bilan boʻlmaslik kerak ekan", - deydi qabul komissiyasi xodimi BBC Oʻzbek xizmati bilan suhbatda.

Andijon Davlat universitetiga hujjat qabul qilish 15 iyundan 15 iyulgacha davom etgan. Qabul komissiyasi xodimining bildirishicha, hijobli abiturentlar koʻp boʻlmagan, ammo ularga uni yechish yoki quloq orqasidan oʻrash kabi qatʼiy talab qoʻyilgan.

Test sinovlari: joʻjani yozda sanashadi

Abituriyent - 2017: Hujjat topshirish uchun formada kel!

Oliy oʻquv yurtlariga rekord darajada hujjat topshirilgan

BBCga aytaman: Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlari gʻarbnikidan oliyroqmi?

"Diplom cho'ntakda, ammo ish yo'q..."

Oliy taʼlim: Oʻzbekistonning nega dunyoda oʻrni yoʻq?

Test sinovlari: "X variant", "kalla" va "parovoz"lar

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev BBC Oʻzbek xizmati bilan suhbatda Oliy oʻquv yurtlaridagi ichki tartib qoidasi boʻyicha hijob kiyish mumkin emasligini taʼkidladi.

Vazirlik mutasaddisi oʻquv yurtlarini harbiy obʼektlarga tenglashtirdi va talab qilingan kiyimda kelish shartligini uqtirdi.

"Oliy taʼlim muassasasining ichki tartib qoidasi bor-da. Masalan, kazarmada, harbiy qismdayam shortik bilan bororolmaysiz. Harbiy qismda harbiy tartib boʻladi. Oliy taʼlim muassasasining hammasining oʻz ichki tartib qoidasi bor. Oliy taʼlim muassasasiga talabalar kiritiladi, umuman formasiz kirish mumkin emas", - deydi Farhod Babashev.

Mutaxassislar ayollarning hijobini yechtirishga majburlash ularning diniy va vijdon erkinligi kabi huquqlarini qoʻpol ravishda buzish ekanligini aytishadi.

Oliy taʼlim masʼuli qizlar hijob bilan suratga tushsa, imtihonga kirishda qalbakilashtirishga urinishlar boʻlishi mumkinlingini aytadi.

"Rasmga olish uchun albatta koʻrinib turish kerak. Tasavvur qiling, hijobda rasmga tushsa, uning oʻrniga kim kirganini kim biladi. Rasmga tushirganda odamning quloqlari, sochlari hamma yeri koʻrinib turishi kerak. Shuning uchun oʻsha siz aytgan narsani yeching deyishga haqqi bor", - deydi Farhod Babashev.

BBCning quloqdan odamni qanday ajratish mumkin, degan savoliga Matbuot xizmati rahbari oʻsha odam norozi boʻlsa sudga berishi mumkinlini aytdi.

Farhod Abashev hijobda hujjat topshirish mumkin emasmi deb qayta berilgan savolga, hijobda mumkin emas, deyotganim yoʻq, deb javob berdi.

"Men sizga hijobda mumkin emas, deyotganim yoʻq. Aniq koʻrinishga halaqit beradigan narsalar boʻlsa, ularni ol, deb aytishga haqqi bor. Siz shunday desangiz keyin hamma mana shunaqa narsa oʻrab, kiyib boradigan boʻladi. Uni qanday ajratadi", - deydi u.

Suhbat boshida oliygoh hududiga formasiz kirish mumkin emas degan matbuot kotibi suhbat oxirida binoga hijobda kirish mumkinligini, ammo suratga tushayotganda uni yechib qoʻyish kerakligini aytdi.

Farhod Babashev oliy oʻquv yurtlarida hijobda oʻqish mumkinmi, shunday qizlar bormi degan savolga "men qayoqdan bilayin", deb javob berdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02