General Do‘stum hozir qayerda: Turkiyadami yo Turkmanistonda?

Генерал Дўстум Image copyright video

Xabarlarga ko'ra, Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti Turkiyadan qaytmoqchi bo'lgan, ammo u tushgan samolyot ortga qaytarilgan.

Samolyot O'zbekistonga bevosita chegaradosh shimoliy Balx viloyati markazi Mozori Sharif shahriga qo'nishning o'rniga, Turkmaniston poytaxti Ashxobodga yo'naltirilgan.

Bunga kim izn bermagani ma'lum emas, ammo Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniyga yaqin manbaning Bi-bi-siga aytishicha, qaytish afg'on hukumati bilan muvofiqlikda amalga oshirilmagan.

Ammo, Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti tomoniga ko'ra, ortga qaytarilgan samolyot bortida general Abdulrashid Do'stum bo'lmagan.

Unga yaqin manbaning Bi-bi-si O'zbek Xizmatiga aytishicha, general Do'stum hanuz Turkiya poytaxti Anqarada va kelasi bir-ikki haftaning ichidagina Afg'onistonga qaytmoqchi.

Video - General Doʻstum "istagan paytda ortga qaytadi"

Manbaga ko'ra, Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti qaytishdan ikki maqsadni ko'zlagan.

Birinchidan, "Yaqinda Anqarada Afg'onistondagi uch yirik siyosiy partiya liderlari tomonidan asos solingan "Afg'onistonni qutqarish" koalitsiyasini rasman tanishtirmoqchi".

Ikkinchidan, "Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti sifatidagi faoliyatini yana qaytib boshlamoqchi".

19 may kuni shu yil boshidan buyon tan qo'riqchilari siyosiy muxolifi Ahmad Ishchining jinsiy va jismoniy zo'ravonlikka oid iddaolari bilan bog'liq jinoiy ish markazida qolayotgan generalning Anqaraga jo'nab ketganiga oid xabarlar olingan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining ayni shu jinoiy ish manzarasida kuzatilgan kutilmagan safari uning Turkiyaga o'z ixtiyori bilan muhojiratga yuz tutgan bo'lishi mumkinligiga oid talqinlarga ham sabab bo'lmay qolmagan.

Ammo partiyasi voizi ortidan, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham, general Abdulrashid Do'stum Anqaraga odatiy tibbiy tekshiruvdan o'tish va dam olish uchun kelganini aytib chiqqan.

Vazirlik Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining o'zi istagan paytda bemalol ortga qaytishi mumkinligini bayon qilgan.

Shaxsiy shifokori va sog'lik maslahatchisi yaqinda Bi-bi-si O'zbek Xizmatiga bergan suhbatida barcha tekshiruv natijalari ijobiy chiqqani, birinchi vitse-prezidentning Afg'onistonga qaytishini bildirgandi.

Bi-bi-si O'zbek Xizmati suhbatlashgan manbaning ham aytishicha, general Abdulrashid Do'stumning tibbiy tekshiruvlari o'z nihoyasiga yetgan va hozir uning sog'lig'i bilan bog'liq hech bir muammo yo'q.

Parvoz?...

Agar, Afg'onistonning "Pajhwok" axborot agentligi xabariga tayanilsa, Afg'oniston birinchi vitse-prezidentini kutib olish uchun Mozori Sharif shahriga shaxsan Balxning qudratli hokimi, yangi siyosiy koalitsiya a'zosi Ato Muhammad Nurning o'zi chiqqan.

"Hokimga mingdan ortiq kishi hamrohlik qilgan".

Britaniyaning nufuzli "Reuters" axborot agentligining shohidlarga tayanib yozishicha, general Do'stumning ayrim tarafdorlari, "Xush kelibsiz, qadardon rahbarimiz", degan shiorlarni ham ko'tarib olgan bo'lishgan.

Dastlabki xabarlarda samolyotning ortga qaytarib yuborilishi hodisasi ortida Afg'onistondagi Germaniya kuchlari turgani aytilgan.

Ammo Nato ittifoqi tezda raddiya bilan chiqib, o'zlarining bunaqa qarorlarni berishga mas'ul emasliklarini bayon qilgandi.

Prezident G'aniyga yaqin manbaning Bi-bi-si Afg'on Xizmatiga aytishicha, general Do'stumning rasmiy Kobul bilan maslahatlashmay ortga qaytish qarori shubha uyg'otgan.

"Nimalar bo'layotganiga oydinlik kiritish uchun uning poytaxt Kobulga kelishini istashgan".

Generalning "ortga qaytishi uchun biror bir qonuniy to'siq yo'q, hukumat ham qarshi emas, ammo u parvoz uchun to'g'ri yo'nalishni tanlashi lozim edi", - deb aytgan manba.

Ammo Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining qaytishiga hozirlik ishlariga mas'ul shaxslardan birining Bi-bi-siga aytishicha, general Do'stum dushanba kuni Anqaradan turib, o'ziga yaqin insonlar bilan suhbatlashgan.

Ato Muhammad Nur va Muhammad Muhaqiq bilan bamaslahat o'zlari asos solgan yangi siyosiy koalitsiyaning taqdimot marosimini katta qilib uyushtirishga buyruq bergan.

Birinchi vitse-prezident

General Abdulrashid Do'stum Afg'oniston tarixidagi o'zbek millatiga mansub birinchi vitse-prezident bo'ladi.

O'tgan yil oxirida siyosiy raqibi va Jauzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi Afg'oniston birinchi vitse-prezidentiga nisbatan jiddiy da'volar bilan chiqqan.

General Abdulrashid Do'stumning buyrug'i bilan o'zining zo'r bilan olib qochilganligi va nomaqbul munosabatda bo'linganini iddao qilgan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining shaxsan o'zi va idorasi bu kabi ayblovlarni keskin rad qilgan va bularning barchasi "ig'vogarlik amali" ekanini bayon qilgan, Ahmad Ishchini ular emas, balki Afg'oniston xavfsizlik kuchlari ushlaganliklarini aytgandi.

Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniy Ahmad Ishchining da'volarini sinchkovlik bilan o'rganishga va'da bergan, o'tgan oy oxirida mamlakat Bosh prokuratura idorasi general Abdulrashid Do'stum 9 nafar tan qo'riqchisini hibsga olishga buyruq bergan.

Yaqinda Afg'oniston Bosh prokuraturasi ular bilan bog'liq jinoyat ishining mahkama oshirilgani haqida xabar bergan.

O'tgan payshanba kuni esa, mahkama jarayoni boshlangani, ammo ayblanuvchilar hozir bo'lishmagani bois, amalga oshmagani haqidagi xabarlar ham olingandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02