‘Human Rights Watch’ hay’ati avgustda O‘zbekistonga tashrif buyuradi

'Human Rights Watch' Image copyright courtesy

Xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlovga ko'ra, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning bu haqda Bryusselda yangragan so'zlarini ijobiy qarshilashadi.

"Biz mahalliy va xalqaro fuqarolik jamiyatlari uchun faoliyat maydoni kengayib borayotganiga oid har qanday ishora va chiqishlarni ijobiy baholaymiz", - deydi u.

Abdulaziz Komilov bu haqda Bryusselda bo'lib o'tgan "O'zbekiston-Yevropa Ittifoqi" hamkorlik Kengashi yig'ini ortidan uyushtirilgan rasmiy matbuot anjumani chog'ida ma'lum qilgan.

"Human Rights Watch O'zbekistonga qaytishi mumkin"

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri 'Human Rights Watch'ning avgust oyida Toshkentga tashrif buyurajak hay'atiga aynan Stiv Sverdlovning boshchilik qilishini aytgan.

Xabarlarga ko'ra, Abdulaziz Komilov, bundan tashqari, xalqaro tashkilotning ijroiy rahbari Kennet Rot bilan ham yaqin muloqotda ekanliklarini bildirgan.

Stiv Sverdlovning aytishicha, joriy paytda ko'zda tutilayotgan tashrifning aniq qachon amalga oshishi borasida Toshkentdan qo'shimcha ma'lumot kutishmoqda.

Ammo, suhbatdoshimizga ko'ra, "uning imkon qadar tezroq amalga oshishi uchun qo'llaridan kelgancha harakat qilishadi".

'Human Rights Watch' qatorida boshqa har qanday xalqaro tashkilotlarning O'zbekistonga qaytishi masalasini inson huquqlari bilan bog'liq anchayin umumiy kontekstda ko'ramiz".

"Rasmiy Toshkent inson huquqlari bilan bog'liq xalqaro qonunlarda ko'zda tutilgan asosiy vazifalarini bajarishga qodir va buni qilishi shart, deb hisoblaymiz".

"Bu - siyosiy mahbuslarning qo'yib yuborilishi, so'z, fikr erkinligining ta'minlanishi va paxta dalalarida majburiy bolalar mehnatiga barham berilishi kabi boshqa masalalarni ko'zda tutadi", - deydi u.

'Human Rights Watch' va O'zbekiston

'Human Rights Watch' 15 yillik faoliyati ortidan, 2011 yil boshida O'zbekistondagi vakolatxonasini yopishga majbur bo'lgani haqida xabarlar olingan.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov esa, shu oy boshida Toshkentdagi Xalqaro Press-klubdagi muloqot payti 'Human Rights Watch' va boshqa nohukumat notijorat tashkilotlar O'zbekistondagi faoliyatlarini qayta boshlashlari mumkinligini aytgan.

Janob Komilov so'zlariga ko'ra, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O'zbekistonga qaytishlari mumkin, bu borada hech qanday cheklov yo'q.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov yaqinda 'Human Rights Watch' rahbari Kennet Rotdan maktub olganini, bu maktubda tashkilot tadqiqotchilarining O'zbekistonga kelishlariga ruxsat so'ralganini aytgan.

"Ammo, mazkur tashkilotlar bir narsani to'g'ri tushunishlari kerakki, O'zbekiston hukumati bilan amaliy, o'zaro bir-birini hurmat qilib, O'zbekiston ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilgan holda hamkorlikni yo'lga qo'yishlari maqsadga muvofiq bo'ladi", deya bayon qilgandi.

Xalqaro tashkilotning o'zi esa, O'zbekistonning yangi prezidenti etib saylanishidan bor-yo'g'i besh kun o'tib, o'tgan yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevga maktub yo'llagan.

Undan mamlakatdagi "inson huquqlari bilan bog'liq abgor ahvolni yaxshilash yo'lida aniq qadamlar qo'yishi lozim"ligini aytgan.

Bu xalqaro inson haqlarini saqlash tashkiloti nazdida Shavkat Mirziyoyev va uning ma'muriyati kelasi 5 yil ichida:

-Siyosiy mahbuslarni ozod etishi

-Birlashgan Millatlar Tashkilotining mas'ul idoralari bilan hamkorlik qilishi

-Qiynoqlarga chek qo'yishi

-Matbuotga qo'yilgan cheklovlarni bekor qilishi

-Fuqaroviy Jamiyatlarni o'z xoliga qo'yishi

-Diniy e'tiqod erkinligini ta'minlashi

-Jinsiy ozchiliklarga qarshi diskriminatsiya hollariga chek qo'yishi

-Majburiy mehnatga yakun yasashi

-Andijon qirg'ini yuzasidan mustaqil tergovga izn berishi lozimligini ta'kidlagan.

Xuddi shu talablari sirasida "Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson haqlari bo'yicha 14 ekspertining uzoq yillik so'rovlari qondirilishi, ularning mamlakatga kirishlariga izn berilishi kerak"ligini tilga olgan.

Boshqa inson haqlarini saqlash tashkilotlari qatorida Xalqaro Qizil Xoch Tashkilotining ham O'zbekistonda normal faoliyat yuritishi, hibsxonalardagi shart-sharoitni kuzatib borishlariga imkon berilishi kerakligini aytgan.

Mahalliy va O'zbekistonda o'z faoliyatlariga yakun yasashga majbur bo'lganlari doxil xalqaro ommaviy-axborot vositalarini rasman qayddan o'tishlariga ruxsat berish va chet ellik jurnalistlarga akkreditatsiya berish bilan ham mamlakatda rostmana matbuot erkinligini ta'minlashga undagan.

Maktubining so'nggida "ayni masalalarni muhokama etib olish uchun Shavkat Mirziyoyev va uning hukumati tadqiqotchisi doxil o'z xodimlarining O'zbekistonga safar qilishlariga izn berishi lozim"ligini ham aytgan.

Ammo...

Muvaqqat prezident ekan, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev o'tgan yil oktyabr oyida O'zbekiston sud-huquq tizimi faoliyatiga bog'liq yangi farmonni imzolagan.

O'zbekiston ommaviy-axborot vositalari 21 oktyabr kungi farmon sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadini ko'zlagani haqida xabar berishgan.

Ayni shu farmonni imzolashi arafasida Liberal-demokratik partiyaning qurultoyida Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi sud-huquq tizimi, huquqni muhofaza qilish idora va tashkilotlarining faoliyatini tanqid qilgan.

U sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, advokaturaning roli va o'rnini kuchaytirish, shuningdek, jinoyat ishlarini qo'shimcha tergovga qaytarish amaliyotidan voz kechishni taklif qilgan.

Bundan avval O'zbekiston Senati janob Mirziyoyevning taklifi bilan amnistiya to'g'risidagi qonunni qabul qilgan.

Mirziyoyevning prezident vazifasini bajaruvchi sifatida imzolagan ilk qonunlaridan biri ichki ishlar idoralari to'g'risidagi qonun bo'lgan.

U, shuningdek, parlamentning quyi palatasiga korrupsiyaga qarshi kurash to'g'risidagi qonunni qabul qilishni taklif etgan.

Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi ilk qadamlari va qonunchilik tashabbuslari mamlakatda o'zgarishlarning muqarrar ekani haqidagi umidlarni uyg'otgan.

Ammo tanqidchilar uning faoliyatiga haqiqiy bahoni prezident saylovlaridan keyingina berish mumkinligini aytishgandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02