Boks afsonasi Rufat Risqiyev: ‘Pensiyani ko‘proq qilishsin...’

Руфат Рисқиев Image copyright ferghana.ru

Xabarlarga ko'ra, Virtual qabulxona rahbariyati, Toshkent shahar hokimiyati xodimlari va boshqa mas'ul tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh kuni-kecha o'zbekistonlik dongdor bokschining hol-ahvoli bilan ham qiziqishgan.

Xonadon va uylarni ko'zdan kechirish, mahalliy aholining murojaatlarini joylarda o'rganish uchun tumanga qilgan tashriflari davomida Rufat Risqiyevning ham uyida bo'lishgan.

Aytilishicha, ana shu tashriflari chog'ida ishchi guruh o'tgan yil bir oyog'i amputatsiya qilingan boksiga "qanday yordam ko'rsatish mumkinligini aniqlagan".

Bi-bi-si O'zbek Xizmati suhbatiga quloq tuting.

Mashhur bokschi Rufat Risqiyev oyog'i amputatsiya qilindi

Rufat Risqiyev oyoqqa turdi

Bi-bi-si O'zbek Xizmati xuddi shu xabarlar manzarasida Toshkentdan Rufat Risqiyevning o'zi bilan bog'lanib, ayni tashrif tafsilotlari bilan qiziqdi.

"Prezidentimiz ularga aytgan ekan. Hammasi keldi, polkovnik, prokuror keldi, nimalar keldi...Olma olib kelishdi, keyin yana mayda-chuyda...Bo'ldi, endi, hammasi bo'ladi, deb nima qilishdi-da, pod'ezdlarimiz oldida meni rasmga tushirishdi. Shu bilan ketishdi", - deydi suhbatdoshimiz.

Ishchi guruhining kutilmagan bu tashrifidan qanchalik mamnun bo'lganiga oid savolimizga esa, Rufat Risqiyev, "Olma yemagandim, mana, olma yeyapman, Xudoga shukr", - deydi.

Yordam

O'zbekistondagi qator internet nashrlarining "ishchi guruh tomonidan ijtimoiy tarmoqda chop etilgan xabar"ga tayanib yozishlaricha, "Haqiqiy sportchi Rufat Asadovich, hattoki, eng og'ir vaziyatlarda ham hech kimdan yordam so'ramaganman, deb javob bergan".

Xuddi shu jumla esa, so'nggida undov belgisi qo'yilgan "Haqiqiy afsona", degan ikki juft so'z va yoki, ta'bir joiz, baho bilan yakun topgan.

Bi-bi-si O'zbek Xizmati Rufat Risqiyev bilan suhbati jarayonida bokschi aytgani ma'lum qilingan xuddi shu jumla tafsilotlariga ham oydinlik kiritishga urindi.

"Qornim och bo'lgan paytda ulardan so'ramaganman, endi so'raymanmi? Qanaqa qilib so'rayman, menga ovqat bering, deymanmi? Hammasini ko'rib turishibdi. Men o'zlaringiz ko'rib turibsizlar-ku, nimani aytishim kerak, dedim".

"Ular so'raydi, men kelib aytishim kerak, nima qilishim kerak..."Chaqirmayapsiz-ku", - deyishadi. Nima, men ulardan so'raymanmi, o'zlari kelishlari kerak", - deydi u kishi.

"Mana, pensiya olaman, hozir ko'tarishdi - 700.000 so'm bo'ldi. Kecha oldim. 200 ming so'mini gaz, chiroq, svetlarga berdim. Ikki yuz mingini o'g'limga beraman, yonimda 300 mingi qoladi. Yaxshiroq bo'ldi, vaqtliroq berdi menga...Cho'zib, cho'zib ishlatsam, pensiyam bir haftaga yetadi. A pensiyani ko'proq qilsin".

"Yaxshiyam, mana, akam bor, opam bor, o'shalar yordam beradi, o'rtoqlarim...yoru do'sting o'lmasin, degan gap bor ekan, shu to'g'ri ekan-da", - deydi suhbatdoshimiz.

Ammo, xabarlarga ko'ra, yordamdan voz kechganiga qaramasdan, mas'ul tashkilotlar zimmasiga bokschi xonadonidagi muammolarni hal etish, unga tibbiy yordam ko'rsatish, zarar bo'lsa, chet el mutaxassislarini jalb qilish vazifasi yuklatilgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu masalalar virtual qabulxonaning maxsus nazoratiga olingan.

O'zbekistonlik taniqli bokschi 75 kg vazn toifasida 1974 yilgi jahon chempioni.

1976 yilgi Monreal Olimpiada O'yinlari kumush medali sovrindori, qator xalqaro turnirlar g'olibi.

Rufat aka, bundan tashqari, Kuba Ochiq chempionatining ikki karra chempioni ham bo'ladi.

U kishi havaskor ringda o'zining mahorati bilan "Toshkent yo'lbarsi" laqabini qozongan bokschidir.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.