Rossiya-Qozogʻiston: Chegarada sarson oʻzbekistonliklar

Image copyright BBCuzbek
Image caption Chegara

Mehnat patenti rasmiylashtirmagan muhojirlarning katta qismida har 3 oyda Rossiyaga qoʻshni vizasiz davlatlar chegaralariga borib kelishlari odatga aylangan.

Bu usul qonunga qisman hilof boʻlsa-da, yana 3 oy Rossiyada patentsiz yurish imkonini beradi. Muhojirlar patent rasmiylashtirish, har oylik soliq, migratsiya hisobini uzaytirish toʻlovlaridan koʻra, chegaraga chiqib kelish arzonga tushishini bildirishadi.

Bu yoʻlni muhojirlar uchun toʻla tavakkalchilik deyish mumkin. Chunki...

Xayr Ukraina, salom Qozogʻiston!

2017 yil boshiga qadar oʻzbekistonlik muhojirlarning har 3 oyda chiqib keladigan manzili Ukraina chegaralari edi. Ammo Rossiya bilan Ukraina orasidagi munosabatlar yomonlashuvi muhojirlarga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi: ularning qatnashiga qulay va arzon boʻlgan chegara yopildi.

Ukraina chegaralariga borib kelish uchun Moskvadagi muhojirlar oʻrtacha 24 soat vaqt va 3000 rublь (taxminan 50 $) sarflashar edi. Boshqa variantlar anchayin qimmat va koʻp vaqt talab qiladi. Ilojsiz qolgan muhojirlar nisbatan arzonroq yoʻl - Qozogʻiston chegaralarini tanlashdi.

Rossiyada qonuniy boʻlish uchun endilikda patentsiz muhojirlar 2 kecha-kunduz yoʻl bosishdan tashqari, 24 soatlab Qozogʻiston chegarasida navbat kutish mashaqqatlarini boshdan kechirishga majbur boʻlishmoqda.

2400 km yoʻl azobi

Image copyright BBCuzbek
Image caption Muhojirlar

Moskva shahridan Qozogʻiston chegaralariga borib kelish uchun eng kamida 36 soat vaqt sarflanadi. Odatda muhojirlarni chegaraga eltuvchi haydovchilar 7, 11 oʻrinli avtomobillardan, yoki avtobuslardan foydalanishadi. Kunu tun oʻtirgan holda yoʻl bosish asosiy muammo emas. Muhojirlar oldindan yoʻl tadorigini koʻrib, oziq-ovqatlarini ham oʻzlari bilan olishadi. Yoʻl-yoʻlakay yonilgʻi quyish shaxobchalari, oshxonalarga toʻxtab biroz oyoq chigilini yozish, hojatga chiqish va issiq choy ham ichishning ham imkoni bor.

Ammo RF chegarasidan chiqib ketgunga qadar yoʻlda politsiya, FMS xodimlari, hatto YPX xodimlari ham Moskva raqamili avtomobillarni toʻxtatib har bir yoʻlovchilarning barcha xujjatlarini birma bir tekshiradi. Muddati oʻtgan biror xujjat, patentning va xatto patent soligʻiga toʻlab borilgan cheklarining birontasini yoʻqligi ham yoʻlda soatlab ushlab turilishga sabab boʻladi. Va uzoq tortishuvlardan keyin 500-1000 rublь "jarima" olib, qoʻyib yuborishadi.

Yoʻlovchi muhojirlardan birida jiddiyroq qoidabuzarlik aniqlansa, uni hududiy IIB boʻlimiga olib borish, xujjatlarini tekshirish, dalolatnoma tuzish va jarima yoki boshqa jazo turini rasmiylashtirish uchun 4-5 soat ketadi. Haydovchi muhojirlarni chegaraga olib borib qaytarib kelish majburiyatini olgani uchun bir muhojir tufayli avtomobilning barcha yoʻlovchilari kutishga mahkum.

Muhojirlar bilan bogʻliq yirik avtohalokatlarning aksariga aynan chegaraga qatnashda haydovchining yoʻlda uxlab qolishi sabab boʻlgan.

24 soat oshxona va hojatxonasiz

Image caption Muhojirning achchiq noni

Asosiy muammo Rossiya chegarasidan chiqqach boshlanadi. Neytral hududga kirishingiz bilan kilometrga choʻzilgan uzunqator navbatni koʻrish mumkin. Bu yoʻlovchilar - Qozogʻiston chegarasidan oʻtishga navbatga turgan oʻzbekistonlik va tojikistonlik muhojirlar.

Qozogʻiston, Rossiya va boshqa chet el fuqarolari navbatsiz oʻtkazib yuboriladi. Bu va bojxona xizmatida bir yoki ikki xodim ishlayotgani sababli uzundan uzun navbat hosil boʻlgan.

Ikki kilometrlik chegara hududini bosib oʻtish uchun 12 soat bir tomonga va yana shuncha vaqt qaytish uchun sarflanadi.

Chegara atrofida na hojatxona bor, na oshxona. Atrof biyday dala. Muhojirlar orasida ayollar, yosh bolalar bor. Ochlikka chidash mumkin, ammo hojat uchun dalaga chiqishdan boshqa chora yoʻq.

Mehnat muhojiriga Rossiyada patent bilan ishlash qiyin moddiy qiyinchiliklar tugʻdirayotgan boʻlsada, patentsizlik toʻliq tavakkalchilikdir. Har 3 oyda chegaraga chiqib kirish migratsiya qonunlariga zid boʻlganligi uchun muhojirlarning Rossiyaga kiritilmay qolishlari ehtimoli ham yuqori.

"Chegara biznesi"

Rossiyadagi haydovchi muhojirlar orasida "chegara biznesi" ancha rivojlangan. Nafaqat Qozogʻiston, balki Oʻzbekistonning barcha shaharlariga avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.

Yoʻnalishli taksi haydovchilari Moskvadan Qozogʻistonga borib kelish uchun har bir yoʻlovchidan oʻrtacha 5000 rublь (taxminan 100 $ ga yaqin) xizmat haqi olishadi.

Moskva-Qozogʻiston yoʻnalishidagi trassa boʻyida oʻzbek choyxonalari kunu tun yoʻlovchi muhojirlar xizmatida. RF chegarasiga yaqin manzillarda "pitak" deb ataladigan avtoqoʻnimgohlar tashkil qilingan. Ayrim haydovchilar yoʻlovchilarini shu yerda boshqa avtomobil (yoki avtobus)ga oʻtkazishadi.

Ikkinchi haydovchi kelishilgan xizmat haqi evaziga muhojirlarni chegaradan oʻtkazib qaytadi. Yoʻlovchilari yangi migratsiya varaqasi bilan kelgunlaricha, asosiy haydovchining uxlab dam olishga imkoniyati boʻladi.

Shunga qaramay, yana Moskvaga qaytish uchun oldinda 16 soat yoʻl yurish lozim...

Darvoqe, mehnat muhojirlarining juda ozchilik qismi yangi migratsiya varaqasini olish uchun boshqa yoʻlni tanlashadi.

Nisbatan qimmat boʻlsa-da (taxminan 300 $ atrofida), Ozarbayjon va Armanistonga borib kelish ancha havfsiz va mashaqqatlardan holiroq boʻlmoqda.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02