Diniy idora test sinovlariga doir fatvo chiqardi

Image copyright Official
Image caption Homidjon Ishmatbekov

Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasi test sinovlariga doir fatvo chiqargan.

Unda sinovlardagi hiylalar "harom" ekani taʼkidlanadi.

"Hiyla-nayranglarga yoʻl berilsa...ilm qadrsizlanib,olimlar soni kamayadi...Paygʻambarimiz SAV "Bizni aldaganlar bizdan emaslar", deb taʼkidlaganlar... Bu ish odamlarni aldashdir! Bu ish millat istiqboliga aniq xiyonatdir!", deyiladi fatvoda.

Diniy idora Fatvo boʻlimi mudiri Homidjon Ishmatbekovning Bi-bi-siga aytishicha, ushbu fatvo musulmonlarning savollariga javob tarzida chiqarilgan va Fatvo kengashining mavqeʼini aks ettiradi.

Avvalroq Andijonda hijob oʻragan abituriyentlardan hujjat qabul qilinmayotgani haqida xabarlar olingandi.

Diniy idora mulozimi hijobli abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilmagan oliy taʼlim muassasining mavqeʼini qoʻllab-quvvatladi.

Uning aytishicha, "ichki tartib-qoidalarga rioya qilinishi kerak".

Oʻzbekistonning vijdon erkinligi haqidagi qonunchiligiga muvofiq, taʼlim muassasalarida "diniy libos" kiyish taqiqlanadi.

Ammo "diniy libos"ning oʻzi nima ekani borasida tortishuvlar mavsjud.

Soʻnggi paytlarda musulmonlar dinga koʻproq erkinlik berish, jumladan, xotin-qizlarning jamoat muassasalarida boshlarini oʻrab yurishga qoʻyilgan taqiqlarni olib tashlash borasida hukumatga chaqiriqlar bilan chiqishgan.

Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining oʻrinbosari Shayx Abdulaziz Mansur avvaroq Bi-bi-si bilan suhbatda 1998 yilda qabul qilingan "Diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi toʻgʻrisidagi"gi qonun qayta koʻrib chiqilishi kerakligini aytgandi.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02