O‘zbekistonlik muhojir millatchilar xujumiga uchradi

Ғуломқодир Санкт-Петербургда ошпазлик қилади
Image caption Ғуломқодир Санкт-Петербургда ошпазлик қилади

Chirchiqlik G'ulomqodir Sankt-Peterburgda yurtdoshlarini himoya qilmoqchi bo'lgani uchun millatchilar tomonidan kaltaklandi. Bezorilar uni hushidan ketguncha kaltaklab, yonidagi puli va qo'l telefonini olib qochishgan.

G'ulomqodirning hikoyasini tinglash uchun linkni bosing

30 yoshli mehnat muhojiri yaqinda ishdan qaytayotib, millatchilar to'dasiga duch kelgan. Uning aytishicha, bir guruh mahalliy yoshlar o'zbek ota va o'g'ilni urib qiynayotganining guvohi bo'lgan. G'ulomqodir bu voqeaga befarq o'ta olmay, ularni murosaga keltirmoqchi bo'ladi. Ammo o'zi kaltaklanadi.

- Yoshlari 50 dan oshgan aka va uning yonidagi yosh o'g'lini o'ndan ziyod yigitlar o'rtaga olib urib, do'ppisini otib ermaklab ustidan kulayapti. Aka ham, o'g'li ham rus tilini bilmaydi, o'zbekchalab "unday qilmanglar-yey" deb yolvorayapti. Ko'rib shunday o'tib keta olmadim, - deydi G'ulomqodir.

Oshpazlik qiluvchi mehnat muhojirining so'zlariga ko'ra, mahalliy yoshlarni insofga chaqirmoqchi bo'lgan. Ammo o'zi nishonga aylanib qolgan.

Millatchilar o'zbekistonlik yigitni hushidan ketguncha kaltaklashgan, qo'l telefoni va pullarini olib qochib ketishgan. O'tkinchilar "Tez yordam" chaqirishgan va muhojir kasalxonaga olib ketilgan.

- Ko'zimni ochsam, kasalxonadaman. Demak, o'lmabman, dedim o'zimga o'zim. Boshim boylab tashlangan, tishlarim singan, - deydi G'ulomqodir.

Zo'ravonlik va o'g'rilik yuzasidan bezorilarga nisbatan hech qanday chora ko'rilmagan.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq