Tolibon liderining o‘g‘li nega o‘zini portlatdi?

Толибон Image copyright courtesy

Xudkushlik hujumiga Afg'oniston Tolibon harakati liderining o'rtancha o'g'li Abdul Rahmon Xolid qo'l urgan.

Hodisa o'tgan payshanba kuni janubiy Helmand viloyatining Grishk tumanida yuz bergan.

Qo'shaloq xudkushlik hujumida Afg'oniston Qurolli Kuchlarining postlari nishonga olingan.

Hujum kamida 8 afg'on askarining umriga zomin bo'lgan, ikki nafarini yaralagan.

Tolibon, harakatning Kvetta Sho'rosi a'zosi Bi-bi-siga ushbu xabarni tasdiqlagan.

Harakat voizining bildirishicha, Mavlaviy Hibatulloh Oxunzodaning o'g'li ro'yxatda uch oycha o'z galini poylagan.

Ammo ularning bu da'volarini hozircha mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni bo'lmagan.

Agar, rost bo'lsa, bu - Afg'oniston Tolibon harakatining qariyb chorak asrlik tarixida kuzatilmagan voqe'lik bo'ladi.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Tolibon 'Mansuriy' amaliyotini boshladi

Tolibon "mamlakatida" hayot qanday?

Mavlaviy Hibatulloh Oxunzodaning oila a'zolariga oid mufassal ma'lumotlar Bi-bi-siga imkonli emas.

Ammo u 2016 yildan boshlab Afg'oniston Tolibon harakatiga boshchilik qilib keladi va guruhning uchinchi lideri bo'ladi.

Mavlaviy Oxunzoda Tolibon harakati asoschisi va ruhoniy rahbari Mulla Umarga muovinlik qilgan.

Afg'oniston Tolibon harakatining ko'zga ko'ringan vakillaridan biri bo'lgan, jangari qo'mondondan ko'ra, islomiy ulamo sifatida tanilgan.

Afg'onistonda Tolibon tuzumi amalda bo'lgan yillar (1996-2001)da Islomiy Amirlikning Bosh qozisi ham bo'lgan.

Ta'kidlash joiz, shu paytgacha xudkushlik hujumi afg'on tuprog'ida jang qilayotgan jangari guruhlar orasidan asosan "Haqqoniy" tarmog'i va so'nggi yillarga kelib IShIDga xos taktika sifatida ko'rib kelingan.

Shunday ekan, voqealarning bu kabi rivoji nimalarga dalolat qiladi?

Bi-bi-si O'zbek Xizmati xuddi shunday savol bilan Londondan xalqaro Mudofaa masalalari bo'yicha tahlilchi Pol Rojersga murojaat qildi:

Pol Rojers: Agar, bu Afg'oniston Tolibon harakati siyosatidagi o'zgarishlar, toliblarning bundan buyog'iga faollik bilan xudkushlik hujumlarini dastaklashlari nishonasi bo'lsa, u holda jiddiy siljish bo'ladi. Chunki oralarida o'zlarini shahid qilishga tayyorlari soni ozchilikni tashkil etmasa-da, Tolibon harakati shu paytgacha bu kabi amallarga u qadar zo'r bermagan. Ammo Tolibon bu bilan o'z strategiyasini o'zgartirayotgani, bundan buyog'iga xudkushlik hujumlaridan foydalanishni ma'qul topayotganiga ishora qilayotgan bo'lsa, bu - juda ahamiyatga molik voqe'lik bo'ladi. Chunki so'nggi yangilik Tolibon harakati faoliyatidagi xavotirli, qarshi turish qiyin bo'lgan boshqa bir rivojlanishga dalolat qiladi. Chunki shu paytgacha bu taktikadan Afg'onistonda IShID doxil bir qancha boshqa jangari guruhlar foydalanib kelishgan. Ammo, boshqa tomondan, Grishkdagi xudkushlik hujumining aynan Tolibon lideri o'g'li tomonidan uyushtirilganiga oid xabarlar esa, harakatning o'z siyosatini o'zgartirishga bir undovga dalolat qilishi mumkin.

Bi-bi-si: Agar, voqealar shu tariqa rivoj topadigan bo'lsa, bu Afg'onistondagi vaziyat, mamlakatning xavfsizligi uchun nimani anglatadi?

Pol Rojers: Agar, bu Tolibon taktikasi o'zgarishining nishonasi bo'lsa, u holda bu harakatning bundan buyog'iga xudkushlik hujumlariga zo'r berishiga dalolat qiladi. Sizga yaxshi ma'lumki, bu kabi hujumlarning oldini olish qiyin bo'ladi. Agar, harakat o'zining asosiy e'tiborini ayni shu taktikaga qaratadigan bo'lsa, Afg'oniston milliy birdamlik hukumatini yanada qiyin ahvolga solib qo'yadi. Chunki afg'on hukumati shundoq ham mamlakatning qator hududlari xavfsizligini ta'minlay olmay halak. Boshqa tomondan, joriy paytda Amerikaning Afg'onistondagi askarlari sonini oshirish masalasi ham savol ostida qolgan. Chunki Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborish rejasi hozir Amerika Qo'shma Shtatlarida ko'plab bahsu munozaralarni uyg'otgan.

Bi-bi-si: Agar, rostdan ham, o'z o'g'lini xudkushlik hujumiga yuborish bilan Afg'oniston Tolibon harakati rahbariyati o'z taktika, strategiyalarini o'zgartirishni ko'zlayotgan bo'lsa, u holda bu ish ularga nima uchun kerak? Shundoq ham toliblar o'tgan bir necha yilning o'zida butun Afg'oniston bo'ylab qayta faollashishga muvaffaq bo'lgan, afg'on hukumati va xorijiy ittifoq qo'shinlarini mushkul ahvolga solib qo'ygan bo'lishsa?..

Pol Rojers: Harakat rahbariyatining nima uchun bu ishga qo'l urayotgani savoliga joriy pallada javob berish mushkul, nazarimda. Ular yanada ko'proq yutuqqa erishmoqchi bo'lishsa, shu kabi amallarni qo'llab-quvvatlashlari, ularga ruhlantirishlari shart, degan xayolda bo'lishlari mumkin. Menimcha, joriy paytda Tolibon liderining o'g'li bilan bog'liq so'nggi yangilik ortida turgan omillarning bundan boshqa izohi yo'q.

Bi-bi-si: Bu kabi amallar Islom dinida qat'iyan ma'n qilingan. Agar, o'z da'volariga tayanilsa, Tolibon harakati Afg'onistonda Islom dini qonun-qoidalariga asoslangan, shar'iy bir davlatni barpo etishni maqsad qilgan. Agar, mintaqaviy tahlilchilarga baholariga tayanilsa, xuddi shu bois ham, harakatbir amalga qo'l urarkan, o'z obro'si haqida ham qayg'urishni unutmagan. Shunday ekan, masalaning bu tomoni-chi?

Pol Rojers: Ha, an'anaviy Islomda xudkushlik amallari mutlaq ma'n etilgan, umuman ma'qullanmaydi. Ammo IShIDga o'xshash jangari guruhlar vahobiylik oqimining o'ta radikal unsurlari talqinlaridan kelib chiqib, ma'lum bir vaziyatlarda xudkushlik hujumlarini amalga oshirish mumkinligini da'vo qilib kelishadi. Shu bois ham, agar, Tolibon harakati bunga o'xshash taktikadan keng qo'llanadigan bo'lsa, bu - jiddiy bir o'zgarish bo'ladi. Ularning nima uchun bu ishga qo'l urishayotgani sabablari haqida ham joriy pallada aniq bir narsa deyish qiyin. Bularning barchasi Afg'oniston Tolibon harakati lideri ishtirokidagi xudkushlik hujumi shunchaki bir hujummi yoki jiddiy bir o'zgarishlarning debochasi ekani-yo'qligiga bog'liq bo'ladi. Ya'ni, bularning barchasini vaqt ko'rsatadi.

Bi-bi-si:Eng so'nggida ta'kidlash joiz, Tolibon harakati Afg'onistonda jang qilayotgan eng yirik jangari guruh bo'ladi. Tolibon joriy paytda Afg'oniston hududining 10 foiziga egalik qilsa, yana 20 foizidan ortiqrog'ida ularning hozirliklari borligi aytiladi. Afg'onistondagi Tolibon jangarilarining soni kamida 40 ming atrofida chamalanadi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02