"Uy musodarasi sudlari qayta ko'rib chiqilishi kerak"

Кўп хонали уй ёнида турган милиция ходимлари Image copyright Sof.uz

Toshkent shahar militsiyasi rahbariyatiga ko'ra, "fohishaxona tashkil qilish jinoyati quroli" sifatida ko'rilgan uylarning hammasi ham musodara qilingan emas.

Asiaterra.info mustaqil Internet nashri muharriri Aleksey Volosevich esa so'nggi yillarda Toshkentda ana shu vaj bilan bo'lib o'tgan barcha sud ishlarini qayta ko'rib chiqishga chaqirmoqda.

Asiaterra.info, kommersant.uz, Uzmetronom.com va centre1.com Internet nashrlari Toshkentdagi kvartiralar qallobliklari haqida yozganlar.

Aniq misollar bilan o'zining Toshkentdagi uylaridan ayrilib qolgan insonlarning hikoyalari keltirilgan.

Ijaraga berilgan, ba'zan esa ijaraga berilmasa-da, bo'sh yotgan kvartirada militsiya xodimlari "fohishaxona topganlar".

Go'yoki yashagan kvartirasida qonunga zid sharoitda jinsiy aloqa bilan shug'ullangan ijarada yashovchi inson jarimaga tortilgan.

Kvartirani esa sud qonuniy egasini xabardor etmasdan "jinoyat quroli sifatida musodara etish" haqida qaror chiqargan.

Musodara qilingan kvartira "suv tekin" sotib olingan va haqiqiy bozor bahosida sotilgan.

Image copyright Nur.kz

Ushbu mavzuni o'rgangan jurnalistlar fikricha, bu qonunga zid ish bilan militsiya, sud, prokuratura va hokimliklarda ishlagan insonlar o'zaro til biriktirgan holda shug'ullanganlar.

Kvartiralarning qonuniy egalari O'zbekistondagi turli mas'ul idoralarga shikoyat va murojaatlar bilan chiqib ham o'zining va uyining aybsizligini, nohaqdan uyini tortib olayotganlarini isbotlay olmaganlar.

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Doniyor Toshxo'jaevning aytishicha, yil boshidan buyon O'zbekiston poytaxtida 400 ga yaqin fohishaxona mavjudligi aniqlangan va shuning "juda kam qismi" mulk musodarasiga olib kelgan.

"Aniqlangan har bir holat bo'yicha biz xonadon va uyga tashrif buyuramiz. Agar u erda faol fohishaxona ushlashga harakat qilgan bo'lsalar biz qaror qabul qilishni sud ixtiyoriga qoldiramiz, o'shanda suv mulkni musodara qilish masalasini ko'rib chiqadi. Lekin bunday holatlar juda kam", - deb aytgan Doniyor Toshxo'jaev.

Internet nashrlari "fohishaxona"ga aylantirilgan" degan vaj bilan kvartiralarni davlat hisobiga musodara qilish 2015 yildan boshlangani va shu kecha-kunduzda ham uchrab turgani haqida yozmoqdalar.

"Oxirgi yillarda musodara bilan bog'liq ko'rib chiqilgan barcha jinoyat ishlari majburiy tarzda qayta ko'rib chiqilishi kerak. Bunda korruptsiya holatlariga yo'l qo'yilganmi yoki yo'qmi, oddiy fuqarolar talon-taroj qilingani yoki yo'qligi ko'rib chiqilishi lozim", deb aytgan Asiaterra.info mustaqil Internet nashri muharriri Aleksey Volosevich.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02