Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar ehtimoli Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?

Путин ва Трамп Image copyright AFP

Prezident Donald Trampning qarshiligiga qaramay, AQSh Kongressi (Vakillar palatasi) Rossiyaga yangi sanksiyalar kiritish masalasini yoqlab, ovoz berdi.

Xabarlarga ko'ra, bu - Rossiyaning 2016 yildagi AQSh prezident saylovidagi "aralashuvi"ga qarshi javob amali bo'ladi.

Ko'zda tutilayotgan yangi jazo choralari esa, rossiyalik yuqori martabali mulozimlarga qaratiladi.

Fransiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov tahlilida.

Rossiyaga qarshi jazo choralari kuchaytirildi

Rossiya G'arbdan oziq-ovqat keltirishni taqiqladi

Tahlilchilarga ko'ra, bu - Rossiya bilan o'zaro aloqalarni yaxshilash umidida bo'lgan prezident Trampni anchayin mushkul ahvolda qoldirishi mumkin.

Rossiya tomoniga ko'ra, bu ovoz berishlar ikki davlat o'rtasidagi "munosabatlarni normallashtirish" ehtimolini chippakka chiqarishi mumkin.

Imzo chekishi uchun prezident Donald Trampga yuborilmasdan avval yangi sanksiyalarga oid hujjat loyihasi AQSh Senati tasdig'idan ham o'tishi shart ko'riladi.

So'nggi yangilik manzarasida Oq Uyning rasman bildirishicha, hozir bu hujjat loyihasini ko'rib chiqishmoqda va joriy pallada unga prezident Trampning veto qo'yish-qo'ymasligi noma'lum.

Ustma-ust sanksiyalar va Markaziy Osiyo

Prezident Putinni Ukraina sharqidagi vaziyatni beqarorlashtirishda ayblayotgan AQSh va Ovro'po Ittifoqi 2014 yildan boshlab, Rossiyaga o'z jazo choralarini kiritishni boshlagan. Orada ularni bir necha bor uzaytirgan.

G'arb, xususan, Ovro'po Ittifoqi jazo choralarining ta'siri ikki tomonlama bo'lishi va bundan o'zi ham zarar ko'rishini tan oladi.

Ammo g'arblik siyosatchilarga ko'ra, Prezident Putin bundan boshqa chora qoldirmagan.

Sanksiyalar Rossiya iqtisodi va shaxsan janob Putin uchun og'riqli bo'lishi aytiladi.

Rossiya iqtisodi hozirning o'zida deyarli o'sishdan to'xtagan va Markaziy Bank rublning qiymatini ushlab turish uchun barqarorlik jamg'armasidan milliardlab dollar sarflamoqda.

Yuz minglab o'zbekistonliklar Rossiyada mavsumiy ishlar bilan band ekani hisobga olinsa, jazo choralari ularning ish topish istiqbollariga salbiy ta'sir ko'rsatishi taxmin qilish mumkin.

Tahlilchilar so'nggi yillarda Rossiyadagi o'zbeklar uylariga yuborgan milliardlab dollar mablag'lar o'zbek so'mini butunlay barbod bo'lishdan asrab qolganini aytishadi.

Ularga ko'ra, Rossiya O'zbekistonning eng yirik savdo sherigi ekani nazarda tutilsa, savdo hajmi ham qisqarishini bashorat qilish qiyin emas.

Ikkilamchi oqibatlar

Oxirgi yillarda jahon bozorida neft narxining o'ynoqlab turishi bilan bog'liq vaziyat Rossiya milliy pul birligining ketma-ket rekord darajada qadrsizlanib ketishiga sabab bo'lgan.

Bunga qo'shimcha rasmiy Kremlning Ukraina inqirozida tutgan o'rni sabab G'arb tomonidan ustma-ust kiritgan turli jazo choralari Rossiyada yangi iqtisodiy bo'hronning bo'y ko'rsatishiga sabab bo'lgan, buning ta'siri ko'plab sobiq Sho'ro davlatlariga ham sezilgandi.

Aksariyat mintaqa davlatlari iqtisodi Rossiyadan kelayotgan pul o'tkazmalari va import mahsulotlariga qaram ekani bois, rubl keskin qadrsizlanishining oqibatlari butun Markaziy Osiyo bo'ylab ham yaxshigina sezilgan.

Mintaqaviy tahlilchilar Rossiya rubli ortidan mahalliy pul birliklari ham o'z qadrini yo'qota boshlaganini aytishgan.

Bu esa, o'z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlarida keng iste'moldagi import mahsulotlari narxlarining qimmatlashishiga sabab bo'lgan.

Xuddi shu manzarada mintaqaviy tahlilchilarning birdek e'tirof etishlaricha, Rossiya iqtisodi orqaga ketishining ta'siri Markaziy Osiyoga uzoq muddatli bo'ladi.

Deylik, Rossiya Federal Migratsiya Xizmati o'tgan yil boshida e'lon qilgan ma'lumotlarga tayanilsa, hozirga kelib, o'zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni bir millionga ozaygan.

Amerikaning "Fridom Haus" nohukumat tashkiloti shu manzarada e'lon qilgan yillik hisobotidagi raqamlarga tayanilsa, ularning ortga, O'zbekistonga yuborayotgan pul jo'natmalari hajmi ham yarmidan ko'proqqa qisqarib ketgan.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari uchun bu pullar, yillarki, ijtimoiy muhofaza kamari vazifasini bajarib kelgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02