‘Spermatozoidlar kamaymoqda, insoniyat qirilib ketishi mumkin’

Спермалар Image copyright Science Photo Library

O'tgan 40 yil ichida rivojlangan davlatlarda erkaklarning spermatozoidlari ikki barobariga kamayib ketgan.

Olimlarning ogohlantirishicha, bu kabi holatning oldi olinmasa, insoniyat yo'q bo'lib ketishi mumkin.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Bu kabi xulosaga Quddusdagi Hebrew universiteti olimlari kelishgan.

Ular Yevropa, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Shimoliy Amerikada 200 ga yaqin tadqiqot o'tkazishgan.

Olimlarga ko'ra, Osiyo, Afrika va Janubiy Amerikada bu muammo u qadar dolzarb emas.

Lekin, shunda ham, ular bu borada qat'iy ishonchda emasliklarini aytishgan.

Olimlarga ko'ra, so'z ayni shu hududlar haqida ketganda, qo'llarida yetarlicha ma'lumotlar bo'lmagan.

Shu bois ham, bu qit'a erkaklarini ham katta ehtimol bilan xuddi shunday "taqdir kutmoqda".

Ularning aytishlaricha, buning oldini olish uchun, albatta, nimadir qilish lozim.

"Deylik, kimyoviy moddalar iste'moliga hushyorroq turish. Ortiqcha vazn va chekishga qarshi kurashni davom etdirish kerak".

Boshqa olimlar ham Quddusdagi hamkasblarining ishlarini yuqori baholashgan.

Ammo oralarida ular o'z xulosalarida biroz shoshqaloqlik qilishmadimikan, deguvchilari ham topilgan.

Ya'ni, bu kabi qarashda bo'lgan olimlarning nazdlarida, bu - oldinga qo'yilgan yirik bir qadam, ammo mavzu yanada chuqurroq o'rganilishi kerak.

Spermatozoidlar soni nega kamayib borayotgani sabablari esa, fanga hanuz to'lig'icha ma'lum emas.

Ammo yelim va o'g'itlar tarkibiga kiruvchi kimyoviy moddalar, semirish, chekish, stress va kamharakatlilik ayni muammoga yetaklovchi ayrim omillar sifatida ko'rilmoqda.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02