O'zbekiston harbiylari Turkiyada harbiy tayyorgarlikdan o'tadi

Ўзбекистон Мудофаа вазири Қобул Бердиев ва Туркия Миллий мудофаа вазири Нуреттин Жаникли. Image copyright msb.gov.tr

O'zbekiston va Turkiya mudofaa vazirliklari harbiy ta'lim sohasida hamkorlik qilish bo'yicha hujjat imzolagan. O'zbek askarlari va zobitlari Turkiyada harbiy tayyorgarlikdan o'tib kelishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Milliy mudofaa vaziri Nurettin Janiklini qabul qilgan. O'zA agentligining xabar berishicha, uchrashuvda ikki davlat o'rtasidagi harbiy va harbiy-texnik aloqalar istiqboli ko'rib chiqilgan.

Ikki davlat Mudofaa vazirliklari o'rtasida bundan so'ng hamkorlik qilinadigan bo'lgan.

Vazir Janikli Mirziyoevga Turkiya Prezidenti Toyyip Erdo'g'onning eng ezgu tilaklarini etkazgan hamda turk tomonining O'zbekiston bilan keng qarovli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini ta'kidlagan.

"O'zbekiston24" telekanali O'zbekiston Mudofaa vaziri Qobul Berdiev va Turkiya Milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli o'rtasida harbiy ta'lim sohasida hamkorlikka oid hukumatlararo bayonnoma imzolanganini ma'lum qilgan.

"Ushbu hujjat ikki davlat harbiy-ta'lim muassasalari professor-o'qituvchi tarkiblari o'rtasida tajriba va bilim almashish imkoniyatini beradi", - deyiladi xabarda.

Gazeta.uzning yozishicha, 2018 yildan boshlab O'zbekiston Qurolli kuchlari harbiylarining Turkiya harbiy-ta'lim muassasalariga tayyorgarlik kurslariga yuborishni tashkillashtirish borasida kelishuvga erishilgan.

"O'zbekiston 24" kanalining bildirishicha, bir oy oldin O'zbekistonda zamonaviy ko'rinishdagi turk maxsus avtomobil texnikasining sinovi o'tkazilgan.

Hozir ushbu avtomobillarni O'zbekistonga etkazish va uni shu erda hamkorlikda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilinmoqda.

Ushbu maxsus avtomobilning nimaga ixtisoslashgani borasida ma'lumot berilmagan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02